Markaziy bank: Onlayn mikrokreditlarda sug‘urta shartlari ochiq va shaffof bo‘lishi shart
Markaziy bank onlayn mikrokreditlar ajratish jarayonida sug‘urta polislari bo‘yicha mijozlarga to‘liq, aniq va tushunarli axborot taqdim etilishi, shuningdek, sug‘urta mukofotini qaytarish tartibi sodda hamda shaffof tashkil etilishi zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanishicha, ayrim holatlarda onlayn mikrokredit rasmiylashtirish chog‘ida sug‘urta mukofoti mijoz mablag‘lari yoki kredit summasi hisobidan ushlab qolinayotgani, kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda esa sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun to‘langan mukofot qaytarilmasligi yoki uni qaytarish tartibi mijozlar uchun yetarlicha tushunarli emasligi kuzatilmoqda.
Markaziy bank bunday holatlar iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor masala ekanini qayd etib, tijorat banklari o‘zlarining rasmiy axborot kanallari orqali fuqarolarga quyidagi masalalar yuzasidan aniq va batafsil tushuntirish berishi lozimligini bildirdi. Xususan, onlayn mikrokredit rasmiylashtirilganda sug‘urta mahsuloti taklif etilishi yoki etilmasligi, sug‘urtaning mijoz uchun ixtiyoriy ekani yoki kredit ajratishning majburiy sharti hisoblanishi, sug‘urta mukofoti qaysi manba hisobidan (mijoz hisobvarag‘i, kredit mablag‘i yoki boshqa manba) to‘lanishi, sug‘urtalovchi tashkilotlar ro‘yxati hamda bankning ushbu jarayondagi maqomi (kreditor, agent yoki texnik vositachi) batafsil tushuntirish berilishi lozim.
Shuningdek, kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta mukofoti qaytarilishi yoki qaytarilmasligi, mukofotni qaytarish muddatlari va buning uchun talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati e’lon qilishi lozim.
Agar kredit ajratish jarayonida sug‘urta mukofotini qaytarish bilan bog‘liq texnik cheklovlar, noqulayliklar yoki boshqa muammolar mavjud bo‘lsa, banklar bu haqda ochiq axborot berishi, muammoni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ularning bajarilish muddatlari hamda mijozlar uchun muhim bo‘lgan barcha ma’lumotlarni oshkora taqdim etishi zarur.
Markaziy bank mazkur yondashuv moliyaviy xizmatlar bozorida shaffoflikni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA