She’riyat
Yo‘ldosh Eshbek 1950 yil 1 sentyabrda Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida tavallud topgan. ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1977). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Sog‘inib yashayman» (1981). «Yuksak daraxtlar» (1985), «Moviy turnalar» (1987), «Yaxshilikka qarayman» (1988), «Daraxtlar ertagi» (1989), «Hayot chechagi» (1990), «Mangu masofa» (1991) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Imom G‘azzoliyning «Ey farzand», Ahmad Lutfiyning «O‘gay ona», «Hazrati Ali», Fotima Temurning «Ko‘ngil do‘stlari» («Tazkirat ul-avliyo»), Amina Shank o‘g‘lining «Vijdon azobi»ni hamda O‘ljas Sulaymon («Sopol kitob») va boshqa adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1998).
QAYDASAN
Boshimdan imtihon ketmas
Yerman hech tumtaygan bir osmon ketmas
Sen-la qiynoq tunlar hurlik edi bir
qiynab yuborar tong hech oson ketmas
Yo‘qsanki bu sahar ichra zahar bor
Nafas olmoqda ham bu hijron ketmas
Ortida ochilar bir gul derazam
Ochilmoqda unga hech imkon ketmas
Ochilsa ochilmas unga bir osmon
Menki qon ayladim undan qon ketmas
Yog‘ishlar ko‘ksiga endi madormas
balki gul xush mendan mutlaq jon ketmas
Yo‘ldosh Eshbekni ko‘r baxtli ko‘rinur
Cheksiz hijronidan hech bir on ketmas.
SARATON
Yonmoqda yonmoqda odam
Yonmoqda sahroda quruq ham ho‘l ham
Olam g‘amga o‘xshar olamga alam
Orolga o‘xshaydi axir bu ko‘l ham
Bu ko‘l ham olamga aytar dardini
Moviy to‘lqinlari hayajonidir
Tozalab qo‘ygudek changu gardini
Sahroga baxshida fido jonidir
Orolga o‘xshaydi axir bu ko‘l ham
Har yoni qoq tuproq qattiq tuproqdir
Orolga o‘xshaydi qurshaydi cho‘l ham
So‘ng tog‘lar qurshaydi garchi titroqdir
Yordam berolmaydi buyuk cho‘qqilar
Hayajon shamoli titratar ko‘lni
Xasi yo‘q rohatning ingrab o‘qidan
Hech bo‘lmas oromning armoni to‘ldi
O‘zingni mengzading ko‘lga ey o‘g‘lon
Gar qattiq qirg‘og‘i ko‘lning ko‘p g‘ozi
Sening tomiringda dengizdan tug‘yon
Sohilning tosh qotgan yo‘qmi parvozi
Sohilning ishq o‘ti yondirgan ko‘ksing
Va ko‘ksin bu o‘tga doimo qafas
Xoh yig‘la xoh kuyla xoh yon xoh o‘ksin
Yoq sindir alanga senga nafasdir
Shubhasiz kazzoblar seni o‘ldirar
Shubhasiz o‘ldirar tomoshabinlar
Sening qadahingni baxtga to‘ldirar
U zaharki yashash og‘u alhazar!
Og‘u kerak ekan uyg‘onmoq uchun
O‘lim uchun faqat baxt ekan zarur
Sen ko‘l bo‘l sahroni uyg‘otmoq uchun
Agar sahro bo‘lsang bo‘lmoq uchun hur!
OSMON
Oyga torlik qilayotgandek
Chirog‘in oy sekin ilayotgandek
Nuri kirib kelib ko‘ngulga mayin
Ko‘kdan keng ko‘ngulni silayotgandek
Tilayotgandek xush xushlikni tayin
Navo tilayotgandek husni huzn nayin
Bunday go‘zallikka sabr ayla ko‘ngul
Qo‘y desam sabringga emasmen moyil
Darz ketgan osmondek yorilgan sayin
Simirsang chizilgan sayin nur mayin
Darz ketib sinmasang emasmen rizo
Termasam sinig‘ing uchlarga mayin
Ezgu orzuingda qalbingda vatan
Shirin so‘zingdayu labingda vatan
Bo‘lingan oyingda qutlug‘ poyingda
Ul chashmu soyingda joyingda vatan
Chashmu selobingdan minglab maloik
jahonki mustag‘raq vatanga loyiq
Oyda oy yo‘q osmonda osmon
Yerda yer yo‘q vatanda vatan
Oy bilan osmon yo‘q dunyoda vatan
Biz yulib ketgaymiz bo‘lsa daf’atan
Biz olib o‘tgaymiz eltgaymiz omon
Gar bo‘lsa bul tomon azaldan yomon
Ketgaymiz ul tomon vatan yetgaymiz!
Yo‘ldosh Eshbek