Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilarining teletanlovi bo‘lib o‘tdi
Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilari teletanlovi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda milliy raqs san’ati va xoreografiya rivoji bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Xiva shahrida III Xalqaro "Lazgi" raqs festivali yuksak saviyada o‘tkazildi. Unda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 300 dan ziyod san’atkorlar va olimlar ishtirok etib, o‘zbek raqsi xalqaro brendga aylanganini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston ijodkorlari tomonidan chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda sahnalashtirilgan “Lazgi — qalb va sevgi raqsi” spektakli Avstriyaning Zalsburg shahridagi (Grosses Festspielhaus) va Yevropaning boshqa nufuzli sahnalarida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etildi.
Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli, “Lazgi” va boshqa tarixiy jamoalar faoliyati to‘liq tiklanib, ularning moddiy-texnik bazasi yangilandi. Milliy ansambllarimiz Turkiya, Rossiya, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda uning hududiy maktab-internatlari orqali sohaga zamonaviy xoreografiya talablariga javob beradigan yangi avlod kadrlari tayyorlanmoqda. O‘zbek milliy raqs maktablari (Farg‘ona, Buxoro, Xorazm) an’analari tizimlashtirilib, ularning xorijiy tillardagi (ingliz, hind va boshqa xorijiy tillarda) monografiya va darsliklari chet el universitetlarida chop etilmoqda.
An’anaviy o‘zbek raqslari elementlari zamonaviy xoreografiya bilan uyg‘unlashtirilgan holda yangicha talqinda sahnaga olib chiqilmoqda. Sohada olis hududlardagi madaniyat markazlarida malakali raqs to‘garaklari rahbarlarining yetishmasligi hamda raqs san’atining nazariy-tanqidiy maktabini yanada kuchaytirish zarurati saqlanib qolmoqda.

Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilarining teletanlovi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tkazildi. Teletanlov ishtirokchilarining chiqishlarini sohaning xolis va professional mutaxassislaridan iborat bo‘lgan hakamlar hay’ati baholab bordi.
Teletanlov 25 nafar 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan professional ijrochilar o‘rtasida bitta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi.
Teletanlovning Nizom talablariga muvofiq Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, birinchi o‘rin – Rayhon Akramovaga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Mehriban Jaqsimuratova, Mushtariy Hasanova munosib bo‘ldi. Uchinchi o‘ringa Mushtariy G‘oyipova, Madina Turdialiyeva, Zarinabonu Yoqubova sazovor bo‘ldi. G‘oliblar diplom, maxsus statuetka va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, teletanlovning barcha ishtirokchilari hamda jo‘rnavoz (konsertmeyster)lariga O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining faxriy yorlig‘i topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA