“Qasamyod” – yurtni ozod ko‘rish istagidagi yoshlar haqidagi sahna asari
O‘zbekiston davlat yoshlar teatri yana bir ta’sirchan asarni teatr muxlislari e’tiboriga havola etdi.
Taniqli tarixchi olim va publitsist, “Do‘stlik” ordeni sohibi Bahrom Irzayevning “Germaniyada tahsil olgan Turkiston yoshlari” asari asosida sahnalashtirilgan “Qasamyod” spektakli ta’sirchanligi, hayotning achchiq va beshafqat haqiqatlarini o‘zida aks ettirgani bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Bahrom Irzayev XX asr boshlaridagi Turkiston tarixi, xususan, jadidchilik va milliy ozodlik harakatlari bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan biridir. Uning ilmiy izlanishlarida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan turkistonlik talabalar va jadidlarning “Ko‘mak” tashkiloti tarixini o‘rganish, ushbu tashkilotga oid monografiya va kitoblar yaratish muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumki, o‘tgan asr boshlarida turkistonlik yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun imkoniyat yaratish maqsadida jadidchilik harakati namoyandalari ularni Germaniyaga yuborishga ko‘maklashgan.

Sovet hukumati ajratgan mablag‘ juda kam bo‘lgani bois, Toshkentda jadidlar tomonidan “Ko‘mak” uyushmasi tuzilib, jadidchilik harakati vakillari, mahalliy boylar hamda xalq yordami bilan talabalarning xarajatlari qoplangan edi.
1922-yilda Turkistondan ilk talabalar guruhi Germaniyaga yo‘l oldi. Qalbi ezgu orzularga to‘lib-toshgan yoshlar Germaniyaning Berlin, Kyoslin, Drezden va boshqa shaharlaridagi o‘quv dargohlarida Vatan iqtisodiyoti, sanoati va qishloq xo‘jaligi kabi eng zarur sohalarda tahsil oldi. Bu yo‘l ortida jadidlarning ma’rifat va taraqqiyot haqidagi buyuk g‘oyalari turardi. Ammo yoshlarni oldinda og‘ir sinovlar, qatag‘on va fojeali taqdir kutayotgan edi.
Biroq bolsheviklar hukumati bu yoshlarning erkin fikrlashi va Yevropa ta’limini olishini o‘z tuzumiga katta xavf deb bildi. Natijada, 1924-yildanoq ularni ortga qaytarish choralari ko‘rildi. Germaniyada o‘qib qaytgan deyarli barcha ziyoli yoshlar 1930-yillardagi “Katta terror” davrida “Germaniya foydasiga josuslik qilgan” yoki “aksilinqilobiy tashkilot a’zosi” degan soxta ayblovlar bilan qatag‘on qilindi, otib tashlandi yoki surgun etildi.

Yurakni o‘rtaydigan jihati shundaki, mutlaqo aybi yo‘q, pok qalbli bu yoshlar sud hukmidan avval qatl etilgan edi. Bunday mash’um voqealar ularning oila a’zolari, jafokash ota-onalari, umr yo‘ldoshlari va jajji farzandlari taqdirini ham chil-parchin qildi.
“Qasamyod” spektaklida bu jihatlar Aziz Xo‘jayev, Muhammadjon Avazjonov, Abdulla Po‘latov kabi yoshlar hayoti misolida juda ta’sirchan, haqqoniy va mazmunli tarzda ochib berilgan. E’tiborga molik jihati, yosh aktyorlar bir vaqtning o‘zida bir-biriga mohiyatan zid bo‘lgan ikki xil obrazlarni tomoshabinga taqdim eta olganlar.
“Qasamyod” — Vatanga sadoqat, xotira va o‘z e’tiqodidan voz kechmagan avlod haqidagi ta’sirchan sahna asari. Spektakl o‘sha tarixiy davr ruhi va muhitini, mash’um qatag‘on yillarining fojeaviy manzarasini to‘laqonli ochib bergani bilan diqqatga sazovor.

Sahnalashtiruvchi rejissyor va inssenirovka muallifi — Aleksandr Gamirov. Pesa mualliflari — Bahrom Irzayev va Javlon Jovliyev. Sahnalashtiruvchi rassom va liboslar muallifi — Pokizaxon Bekmurodova. Musiqiy bezak — Diyorbek Shirinov. Mazkur spektakldagi rollarni Shahboz Abdiyev, Otabek Ne’matov, Suhrob Ne’matov ijro etgan.
Yangi sahna asari tinch va osoyishta, yorug‘ kunlarni asrab-avaylash, ma’rifatparvar bobolarimiz xotirasini mudom yodda saqlash, uni e’zozlash, istiqlolning, hurriyatning, yoshlar uchun Vatanimizda yaratilgan keng imkoniyatlar va sharoitlarning qadriga yetishga chorlashi bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA