O‘zbekiston madaniyati yana bir bor dunyo e’tiborida
Istanbul shahrida to‘rt kun davom etgan 8-Etnosport madaniyat festivali yakunlandi. Xalqaro Etnosport konfederatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman bu yil ham minglab mehmonlar – sportchi, san’atkor va sayyohlarni bir joyga jamladi.
21-24-may kunlari Otaturk aeroporti hududida “Dunyo shu yerda” shiori ostida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida an’anaviy ravishda namoyish etilgan Gulbank marosimi, mehtar jamoasi va milliy delegatsiyalar chiqishi bayramga o‘zgacha tarixiy ruh bag‘ishladi.
Bu yilgi festival avvalgilariga qaraganda keng ko‘lamda o‘tdi. Maydon haqiqiy etnoshaharchaga aylanib, atrofda milliy musiqalar yangradi. Turli xalqlarning an’anaviy liboslari va raqslari tomoshabinlarga unutilmas taassurot hadya etdi.
Osiyo, Yevropa, Afrika va boshqa qit’alar vakillari o‘z madaniyatini milliy liboslar, xalq o‘yinlari, qo‘shiq va raqs, hunarmandlik namunalari hamda milliy taomlari orqali taqdim qildi.
Tadbir davomida kurash, ot sporti, kamondan otish, an’anaviy xalq o‘yinlari, sahna chiqishlari va xalq amaliy san’ati ko‘rinishlari namoyish etildi. Ayniqsa chavandozlar chiqishi, an’anaviy kurash musobaqalari barchada qiziqish uyg‘otdi. Bolalar va oilalar uchun ham maxsus maydonlar tashkil qilinib, ular milliy o‘yinlar va madaniy dasturlarda ishtirok etdi.
Tashkilotchilar O‘zA muxbiriga bergan ma’lumotga ko‘ra, bu yilgi Etnosport madaniyat festivaliga 1,5 millionga yaqin mehmon tashrif buyurgani tarixiy rekord sifatida baholandi. Festivalda taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy jamoasi tomonidan har kuni 1 tonna 250 kg o‘zbek palovi damlandi.
An’anaviy uslubda ulkan qozonlarda tayyorlangan osh minglab mehmonlarga tarqatildi. Palovning xushbo‘y hidi, milliy kuy-qo‘shiqlarimiz va samimiy muhit haqiqiy o‘zbek mehmondo‘stligini aks ettirdi. So‘nggi yillarda o‘zbek palovi Turkiyada tobora mashhur bo‘lib borayotgani aynan shu tadbirda yaqqol sezildi.
Mehmonlar o‘zbek kurashi, milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati namunalaridan iborat madaniy chiqishlardan ham bahramand bo‘ldilar. Shu tariqa O‘zbekistonning boy madaniy merosi xalqaro miqyosda yana bir bor keng targ‘ib qilindi.
Umuman, festivalda O‘zbekiston ayvoni alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Yana bir quvonarli holat: Turkiyada tahsil olayotgan talabalarimiz milliy qadriyatlarimizni munosib tarzda namoyon qilishi ko‘plab mehmonlarni o‘zbekona bezatilgan chodirlarimiz sari chorladi.
Etnofestival nafaqat sport va madaniyat bayrami, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va madaniy almashinuv maydoniga aylandi. Yosh avlodni milliy qadriyatlarga yaqinlashtirish, unutilib borayotgan an’analarni qayta tiklash va tarixiy merosni asrab qolish kabi g‘oyalar festivalning asosiy maqsadlari sifatida namoyon bo‘ldi.
Anjuman milliy madaniyat va qadriyatlar xalqlarni birlashtiruvchi eng yaxshi vositalardan biri ekanini yana bir bor isbotladi.
Xullas, O‘zbekiston esa boy tarixi, milliy sport turlari, qadriyatlari va mehmondo‘stligi bilan xalqaro maydonda dunyo e’tiborini jalb qilishda davom etmoqda.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya