Shaxmat: “O‘zbekiston” jamoasi bugun “WR Chess” bilan 1/4 finalda kuch sinashadi
Bugun, 21-iyun kuni Gongkongda shaxmat bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatining blits yo‘nalishida g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlandi.
Kecha jahon chempionatining blits yo‘nalishidagi dastlabki 11 ta tur musobaqalari hamda 1/16 finallari o‘tkazildi.
Turnirni boshlagan 48 ta jamoadan atigi sakkiztasi chempionlikka da’vogarlar orasida qoldi, aksariyat favoritlar blits turnirining dastlabki sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
12 raundlik blits turniri ikki bosqichli formatda — guruh bosqichi va undan keyin pley-off holatida bo‘lib o‘tdi. 48 ta jamoa har biri 12 jamoadan iborat to‘rtta guruhga bo‘lingan holda bahslashdi.

“S” guruhidan joy olgan Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yetakchiligidagi “O‘zbekiston” jamoasi “Hexamind”, “MGD1” va “Sky Chess” shaxmatchilari bilan guruh bosqichida munosib o‘yin namoyish etib, turnir jadvalida 2-o‘rinni egallagan holda keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Aytish lozim, saralash bahslarini muvaffaqiyatli yakunlab, 4-o‘rin bilan pley-offga chiqqan Gulruhbegim Tohirjonova va Muhammadzohid Suyarov joy olgan “Sky Chess” jamoasi 1/8 finalda “Mr Birdie and friends” jamoasiga 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Jahon chempionatining 1/8 finalida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yetakchiligidagi “O‘zbekiston” jamoasi Ozarbayjonning “Odlar Yurdu” jamoasini ikkita o‘yin natijasiga ko‘ra, 3:1 hisobida mag‘lub etib, 1/4 final bosqichiga yo‘l oldi.
Bugun jamoamiz Magnus Karlsen sardorligidagi “WR Chess” jamoasi bilan yarim final yo‘llanmasi yo‘lidagi kurashda to‘qnash keladi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston” va “WR Chess” jamoalari rapid bahslarida ham o‘zaro to‘qnash kelgandi. Javohir Sindorov 1-taxtada qora donalarda Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratgan o‘sha o‘yinda tomonlar 3:3 ko‘rinishida durangga imzo chekkandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA