Norinlik yosh muaytaychilar jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi
Namanganda so‘nggi yillarda sportga ulkan e’tibor qaratilayotgani natijasida dunyo arenalarida shohsupaga ko‘tarilayotgan yoshlar safi kengaymoqda.
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida 16-21-iyun kunlari maktab o‘quvchilari o‘rtasida muaytay bo‘yicha ilk jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Dunyoning qator davlatlaridan kelgan minglab yosh sportchilar ishtirok etgan musobaqada O‘zbekiston vakillari ham munosib qatnashdi.
Quvonarlisi, Namangan viloyati Norin tumani sport maktabi tarbiyalanuvchilari yuqori natijalar qayd etib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. Xususan, S.Xatamov, M.Sohibjonov, Tursunaliyeva hamda D.Sheraliyev o‘z vazn toifalarida chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, I.Odilov bronza medali sohibi bo‘ldi.
Mazkur natijalar sportchilarning izchil tayyorgarligi, matonati hamda murabbiylar mehnatining samarasi sifatida baholanmoqda. Norinlik yosh sportchilarning xalqaro maydondagi ushbu muvaffaqiyati o‘zbek muaytayi taraqqiyoti yo‘lidagi yana bir muhim yutuq bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA