JCH–2026: Bugun “G” va “H” guruhlaridagi jamoalar navbatdagi uchrashuvlarini o‘tkazadi
Futbol bo‘yicha davom etayotgan Jahon chempionati doirasida bugun “G” va “H” guruhlarida navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
“H” guruhida Ispaniya terma jamoasi Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Urugvay va Kabo-Verde terma jamoalari tonggi soat 03:00 da maydonga tushadi.

“G” guruhida Belgiya va Eron terma jamoalari o‘rtasidagi bahs soat 23:59 da start oladi. Yangi Zelandiya hamda Misr jamoalari to‘qnashuvi esa 22-iyun kuni soat 06:00 da boshlanadi.
E’tiborli jihati, “G” va “H” guruhlaridagi barcha jamoalar ikkinchi tur oldidan durang qayd etgan holda bir ochkoga ega bo‘lib turibdi. Ularning guruhdagi o‘rinlari esa gollar nisbatiga ko‘ra taqsimlangan.

Darvoqe, biroz avval mundialning “F” guruhidan o‘rin olgan Tunis va Yaponiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu bahs Jahon chempionatlari tarixidagi 1000-o‘yin sifatida qayd etildi.
Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha ilk Jahon chempionati bahslari 1930-yil 13-iyul kuni Urugvayda start olgan. Musobaqaning dastlabki kungi uchrashuvlaridan biri Fransiyaning Meksika ustidan 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.
1000-o‘yin maqomiga ega bo‘lgan bahsda Yaponiya Tunisni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Natijada Afrika qit’asi vakili pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini muddatidan avval yo‘qotdi.
Tunis birinchi turda ham Shvetsiyaga 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Ushbu natijadan so‘ng jamoa bosh murabbiyi almashtirilgan bo‘lsa-da, bu o‘zgarish kutilgan samarani bermadi. Ikki turdan keyin ham ochko jamg‘ara olmagan Tunis “F” guruhida so‘nggi o‘rinda qolmoqda.

Ayni paytda Yaponiya va Niderlandiya terma jamoalari 4 ochkodan to‘plab, guruh peshqadamlari bo‘lib turibdi. Shvetsiya hisobida esa 3 ochko mavjud. Mazkur guruhning so‘nggi tur bahslari 26-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Yaponiya va Shvetsiya, Niderlandiya hamda Tunis terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA