Shahrisabzda ekologiya va turizm xalqaro qurultoyi
Shu kunlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Yoshlar kelajak bunyodkorlari” III ekologiya va turizm xalqaro qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda.
Qurultoy doirasida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Xalqaro qurultoyda mahalliy va xorijlik yoshlar, xususan, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi davlatlarning yoshlari ham qatnashmoqda. Shuningdek, yurtimizning har bir hududidan 56 nafardan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi, talaba va yoshlar jalb qilingan.
[gallery-18669]
Qurultoy doirasida turli tanlovlar, plogging musobaqalari, ekologik va turistik loyihalar, kitobxonlik kuni, milliy va etnosport sport musobaqalari, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va taniqli insonlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Qurultoy yakunida faol ishtirok etgan guruhlar va jamoalar vakillari diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Shu bilan birga, qurultoy ishtirokchilarining har biriga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining maxsus sertifikati topshiriladi.
Ishtirokchilar o‘tkaziladigan tadbir va loyihalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javob olishdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari