O‘zbekiston milliy statistikasi: raqamli islohotlar, aniq ma’lumotlar va xalqaro e’tirof
20-oktabr — Butunjahon statistika kuni!
Raqamlar shunchaki ko‘rsatkich emas. Ular mamlakatda qancha odam yashayotgani, iqtisodiyot qay yo‘nalishda rivojlanayotgani, biznesning ahvoli qandayligi va kelgusi rejalarni qaysi ma’lumotlarga tayanib tuzish kerakligini ko‘rsatadi.
Shu ma’noda, statistika tizimidagi islohotlar nafaqat raqamlarni yig‘ish, balki davlat boshqaruvida qarorlar qabul qilish usulini ham o‘zgartirishga qaratilgan.
So‘nggi bir yilda O‘zbekiston milliy statistika tizimida bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri, statistik hisobotlarni qisqartirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va xalqaro maydondagi yangi maqom — bu jarayonning asosiy yo‘nalishlaridir.
2026-yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida tashkil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, onlayn bosqichda aholining 82,3 foizi qamrab olingan, 8,3 milliondan ortiq xonadon bo‘yicha ma’lumotlar shakllantirilgan. Bu ma’lumotlar mamlakatning demografik manzarasini, aholi tarkibini va ijtimoiy-iqtisodiy holatini chuqurroq o‘rganish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Biroq ro‘yxatga olishning ahamiyati faqat qamrov ko‘rsatkichi bilan cheklanmaydi. Asosiy masala — to‘plangan ma’lumotlarning ishonchliligi, ularni tahlil qilish va natijalardan amalda foydalanishdir. Zero, aniq ma’lumot bo‘lmasa, aholi ehtiyojlariga mos maktablar, shifoxonalar, yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlarini rejalashtirish ham qiyinlashadi.
Statistika tizimidagi e’tiborli o‘zgarishlardan yana biri — hisobot yukini kamaytirish bo‘ldi. So‘nggi yillarda statistik hisobot shakllari 113 tadan 47 taga tushirildi. Jumladan, 2025-yilning o‘zida ularning soni 65 tadan 47 taga qisqartirilgan.
Milliy statistikani rivojlantirishning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarida raqamli transformatsiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’muriy va muqobil ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish, statistik registrlarni takomillashtirish, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlashni avtomatlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish shular jumlasidandir.
Bu jarayonlar ma’lumotlarni tezroq qayta ishlash, xatolarni aniqlash va statistik tahlil imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berishi mumkin. Belgilangan maqsadlardan biri — sun’iy intellekt texnologiyalari hisobiga ma’lumotlarga ishlov berish muddatini 20 foizga qisqartirish.
O‘zbekistonning xalqaro statistika maydonidagi mavqei ham mustahkamlanmoqda. Mamlakat 2025-yil aprel oyida 2026–2029-yillar uchun BMT Statistika komissiyasiga a’zo etib saylangan. Shuningdek, 2026-yil mart oyida komissiyaning 57-sessiyasida O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi raisi komissiya byurosi raisi o‘rinbosari etib saylangan. Bu a’zolik xalqaro statistik standartlarni ishlab chiqish va muhokama qilish jarayonlarida ishtirok etish, ilg‘or tajribani o‘rganish hamda milliy tizimni xalqaro talablarga muvofiq takomillashtirish uchun muhim imkoniyatdir.
Jahon bankining Statistika samaradorligi indeksida O‘zbekiston 81,5 ball bilan 62-o‘rinni egallagani ham milliy statistika tizimining xalqaro baholashdagi o‘rnini ko‘rsatuvchi natijalardan biri sifatida keltirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA