Oila — tilning birinchi maktabidir
Bola o‘z ona tilini eng avvalo oilada, onasining mehrga to‘la so‘zlari, allasi va ertaklari orqali o‘rganadi.
Ilk bor eshitilgan so‘zlar, beshik uzra aytilgan alla va bolalikda tinglangan ertaklar uning qalbida tilga muhabbat uyg‘otadi. Shu bois o‘zbek tilining oiladagi o‘rni, uning avloddan avlodga o‘tishi va farzand tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, oiladagi til muhitiga e’tibor qaratishimiz lozim.
Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Feruza Muhitdinova muhim fikrlarni ilgari suradi.
—Tilimizni bejiz «ona tili» deyilmaydi. Xalqimiz uni ona suti bilan kirgan til deb biladi. Bola ilk so‘zini maktabda emas, onasining bag‘rida eshitadi. Demak, tilning taqdiri avvalo oilada hal bo‘ladi.

21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni bizdan oddiy, lekin jiddiy savol so‘raydi. Bugun bizning uyimizda qanday so‘zlar yangrayapdi? Farzandimiz bizdan qanday nutqni meros olyapti? Bu savolning javobi nafaqat tilning, balki oila ma’naviyatining ham kelajagini belgilaydi, — deydi F. Muhiddinova.
— Unutmaslik kerakki, inson tilni darsliklardan oldinroq, tirik nutqdan o‘rganadi. Bola uch yoshgacha oilada eshitgan so‘zlari asosida fikrlashni boshlaydi. Shu bois oila — tilning birinchi va eng muhim maktabidir.
Olima ona allasi haqida so‘z yuritar ekan, uning bola qalbi va ongiga ta’siriga alohida e’tibor qaratadi.
Uning ta’kidlashicha onaning allasi — bola eshitgan ilk she’riyat. Unda mehr, ohang va ona tilining nafisligi birga mujassam. Buvi va buvaning ertagi bolaga so‘z bilan birga yaxshilik va yomonlikni, adolat va halollikni o‘rgatadi. Maqol va o‘gitlarimiz esa, ya’ni «Yaxshi so‘z — jon ozig‘i, yomon so‘z — bosh qozig‘i», «Til — dilning kaliti». Bu xalq donishmandligi bolaga nutq odobini sodda va tushunarli tarzda yetkazadi. Eng asosiysi, murojaat odobini o‘rgatish va hamisha amal qilish tilimiz bilan ma’naviyatimiz ustunidir. Kattalarga «siz» deb murojaat qilish, «assalomu alaykum» va «rahmat» deyish odati oilada shakllanadi.
Feruza Muhitdinova ertaklarning bola tarbiyasidagi ahamiyatiga to‘xtalar ekan, alla aytilmagan, ertak o‘qilmagan uyda bolaning nutqi ham, qalbi ham qashshoq bo‘lib qoladi. Oilada til zaiflashsa, ma’naviy rishtalar ham bo‘shashadi, — deydi.
Jadid bobolarimiz millat taqdirini oila va tarbiya bilan chambarchas bog‘lashgan. Masalan, Abdulla Avloniy «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida tarbiyani bola tug‘ilgan kundan boshlash kerakligini uqtiradi. U til va adabiyotni millatning «oyinai hayoti» deb ataydi va ogohlantiradi: «Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur». Avloniy uchun til tarbiyasi va axloq tarbiyasi ayrilmas edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy nutqni ikki darajaga ajratgan: oila va jamoatdagi kundalik til hamda ilm va adabiyot tili. Bu ikkalasi bir-biridan uzilib qolmasligi kerak. Uyda savodli va boy so‘z eshitgan bola ilm tilini ham oson o‘zlashtiradi.
Shu o‘rinda suhbatdoshimiz masalaning huquqiy asoslariga ham e’tibor qaratadi:
Oilada til tarbiyasi — faqat ma’naviy ish emas, uning huquqiy asoslari ham bor. Asosiy Qonunimizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini va jamiyat hamda davlat muhofazasida ekani belgilangan. Ota-onalar farzandlarini tarbiyalashga majburdir. Shuningdek, 4-moddada o‘zbek tili davlat tili ekani, barcha millat va elatlarning tillari hurmat qilinishi kafolatlangan.
Oila kodeksi ota-onaning bola tarbiyasi, uning ma’naviy rivoji uchun javobgarligini belgilaydi. «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun esa bolaning milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalanish huquqini kafolatlaydi. Bolani ona tilidan uzib qo‘yish ana shu huquqdan mahrum qilish demakdir.
Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi Farmoni va 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan til konsepsiyasi o‘zbek tilining nufuzini oshirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi.
Ammo hech bir qonun onaning allasini, otaning nasihatini, buvining ertagi o‘rnini bosa olmaydi. Qonun sharoit yaratadi, tilni esa oila yashatadi.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.