Davlat dasturlari ijrosi jamoatchilik e’tiborida
Mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, aholi farovonligini yuksaltirish va davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlashda strategik maqsadlarning hayotga izchil tatbiq etilishi muhim ahamiyatga ega.
Bu jarayonda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat sifatida alohida o‘rin tutadi. Unda belgilangan vazifalarning amaliy natijalarga aylanishi esa nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikning faol ishtirokiga ham bog‘liq.
Nurafshon shahrida o‘tkazilgan davra suhbati ham mazkur muhim hujjatlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, davlat dasturlari ijrosida ishtirok etayotgan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlandi. Taraqqiyot strategiyasi markazi, Toshkent viloyati hokimligi, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyat adliya boshqarmasi vakillari, NNTlar rahbarlari, hamkor tashkilotlar mutaxassislari qatnashdi.

Davra suhbatida strategiyada belgilangan ustuvor maqsadlarning mazmun-mohiyati, ularni hududlar kesimida amalga oshirish, davlat dasturlari ijrosini xolis baholash va bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, strategiyaning ahamiyati, avvalo, undagi maqsadlarning inson hayotidagi amaliy natijalar bilan chambarchas bog‘liqligida namoyon bo‘ladi. Zero, har qanday islohotning samarasi aholining munosib turmush sharoiti, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari, bandlik darajasi hamda jamiyatdagi faol ishtiroki orqali yaqqol ko‘rinadi.
Shu nuqtai nazardan, strategik vazifalar ijrosini faqat umumiy ko‘rsatkichlar bilan baholashning o‘zi yetarli emas. Ularning mahallalar, ta’lim muassasalari, tibbiyot tashkilotlari va ishlab chiqarish korxonalari faoliyatida qanday aks etayotganini o‘rganish ham muhimdir. Bu esa davlat dasturlari ijrosini joylarda tahlil qilish, aholi fikrini tinglash va mavjud muammolarni aniqlashni taqozo etadi.

Muloqotda davlat dasturlari ijrosiga xolis baho berish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda jamoatchilik nazoratining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning hududlarda bajarilishini bevosita joylarga chiqqan holda o‘rganish, aholi fikrini inobatga olish va aniqlangan muammolar bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Jamoatchilik nazorati davlat organlari faoliyatini kuzatish bilangina cheklanmaydi. U jamiyat va davlat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, aholi manfaatlarini ifoda etish, muammolarga o‘z vaqtida e’tibor qaratish va qabul qilinayotgan qarorlarning amaliy natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari muhim o‘rin tutadi. Ular fuqarolarning manfaatlarini ifodalash, turli ijtimoiy muammolarni o‘rganish, aholi bilan davlat organlari o‘rtasida muloqot o‘rnatish hamda ijtimoiy tashabbuslarni ilgari surish orqali islohotlar jarayonida faol ishtirok etishi mumkin.
Taraqqiyot strategiyasi markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z nutqida davlat dasturlari ijrosini o‘rganish jarayoniga hududiy NNTlarni keng jalb etish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Shuningdek, ijro jarayonida yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni birgalikda bartaraf etish yuzasidan aniq tavsiyalar ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, hududda markaz mutaxassislari tomonidan o‘rganishlar olib borilib, ularning natijalari asosida umumlashtirilgan ma’lumotlar shakllantiriladi. Bu jarayonda joylardagi mavjud holatni tahlil qilish, muammolarni tizimlashtirish va tegishli takliflarni ishlab chiqishga e’tibor qaratiladi.
Davra suhbati yakunida fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, NNTlar faolligini oshirish va davlat dasturlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir taklif va mulohazalar tinglandi. Ishtirokchilar Nurafshon shahridagi oilaviy poliklinika va to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan ham tanishib, Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga oid amaliy jarayonlarni o‘rgandi.
A.Musayev, O‘zA