Senat Raisi boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Bishkekka tashrif buyurdi
Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi (TurkPA)ning 15-yalpi yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Tadbir munosabati bilan Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya parlamentlari vakillari hamda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi mazkur mamlakatga tashrif buyurdi.
Eslatib o‘tamiz, TurkPA – turkiy tilli davlatlar parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiruvchi va muvofiqlashtiruvchi xalqaro parlamentlararo tashkilotdir.

Amaliy tashrif bilan Qirg‘iz Respublikasiga kelgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevani «Manas» xalqaro aeroportida Jogorku Kenesh To‘rag‘asining (Parlament Raisining) o‘rinbosari Jildiz Taalaybek qizi kutib oldi.

Bishkekda barcha mamlakatlar delegatsiyalarining rahbarlari va a’zolari uchun qabul marosimi o‘tkazildi. Tadbirda qirg‘iz xalqining boy madaniy merosi, milliy musiqasi va o‘ziga xos san’ati yorqin namoyish etildi. Milliy ohanglar marosimga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab, mehmonlarga qirg‘iz madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari tashrif doirasida bir qator yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazadi. Kuzatuvchi maqomida Turkiy davlatlar Parlament assambleyasining (TurkPA) navbatdagi yig‘ilishlarida ishtirok etadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Bishkek shahri.