O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik muloqoti yanada rivojlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “S5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Marko Rubio davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Asosiy e’tibor O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalariga qaratildi.
AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari muloqotni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqlagan “S5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvining yakunlari yuqori baholandi.
Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar, ta’lim va madaniyat kabi ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat parlamentlari va idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgan, ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyatning aloqalari kengaymoqda.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, avvalo, terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Uning birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bir qator hujjatlar, jumladan, koinotni tinch maqsadlarda o‘zlashtirish sohasidagi “Artemida” bitimlari imzolandi.
Iqtisodiy hamkorlik strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining o‘rni katta ekani ta’kidlandi. Kengashning bugungi yig‘ilishi doirasida 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishildi.
Gumanitar sohadagi hamkorlik ham izchil kengayib bormoqda. Toshkentda Vebster universiteti, Amerika texnologiyalar universiteti va Kolorado konchilik maktabining kompetensiyalar markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan amerikalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.
Tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirishning yangi istiqbollarini ham belgilab oldilar. Strategik ahamiyatga ega muhim minerallar, energetika, transport, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud.
Hududlararo aloqalarni rivojlantirish va ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Ikki mamlakat yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak tadbirlar rejasi va ularni mazmunan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorga davlat mukofotlarini topshirdi.
O‘zbekiston Prezidenti farmoniga ko‘ra, Marko Rubio “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Uning O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi e’tirof etildi. Shuningdek, Yangi O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarini ilgari surish, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ishonch va do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari alohida ta’kidlandi.
Serjio Gor esa O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda strategik sheriklikni kengaytirishga qo‘shgan hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Uning siyosiy muloqotni faollashtirish, ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish, amerikalik sarmoyadorlarni jalb etish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari, shuningdek, Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi xizmatlari e’tirof etildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi ochilishida ishtirok etdi.
Tadbirda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari ham qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari ko‘p asrlar davomida xalqlar, madaniyatlar va savdo yo‘llarini birlashtirib kelgan shahar – Samarqandda muhokama qilinayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Amerika o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, bu, eng avvalo, AQSH Prezidenti Donald Trampning shaxsiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlovi tufayli ekani qayd etildi.
Mustahkam siyosiy sheriklik asosida iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishga salmoqli hissa qo‘shayotgan Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi alohida o‘rin tutadi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Iqtisodiyot o‘sib bormoqda, yangi korxonalar ishga tushirilmoqda, ish o‘rinlari yaratilmoqda, yoshlar uchun ta’lim olish imkoniyatlari kengaymoqda.
Shu bilan birga, sanoatni yanada rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish uchun investitsiyalar jalb qilish jarayoni ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, bilim va tajriba almashish bilan birga olib borilishi zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada AQSH biznesi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha katta tajriba to‘plangani ta’kidlandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Amerika sarmoyasi ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular bilan sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va yangi texnologiyalar sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda O‘zbekiston kompaniyalari ham AQSH iqtisodiyotiga investitsiya kiritishni boshlamoqda.
Muhim minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy va barqaror energetika tizimini rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda raqamli yechimlarni joriy qilish, ta’lim va kadrlar tayyorlash hamkorlikni yanada kengaytirish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining bugungi yig‘ilishiga katta tayyorgarlik ko‘rilgani qayd etildi. Natijada umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbusdan iborat to‘plam shakllantirildi. Ularni amalga oshirish uchun kompleks harakatlar dasturi ishlab chiqiladi.
Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida kuch va imkoniyatlarni uchta ustuvor vazifani hal etishga safarbar etish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalo, AQSH tadbirkorlari uchun tushunarli va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratish zarur. O‘zbekistonga kelgan sarmoyador ma’muriy tartib-taomillarga vaqt sarflamasdan, tezda o‘z biznesini boshlash imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Bu borada investorlar bilan ishlashda “Plug and Play” tamoyiliga asoslangan yangi yondashuvga o‘tilayotgani ta’kidlandi. Ularga yer maydoni, infratuzilma, ruxsat olish va hujjatlar rasmiylashtirish masalalari hal etilgan tayyor loyihalar taklif etiladi.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham hamkor sifatida ishtirok etishi va investitsiyaviy xatarlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishi mumkin. Yangi tashkil etilgan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi ham bunday loyihalarda ishtirok etadi.
Keyingi ustuvor vazifa sifatida iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini hamda sanoat va texnologiyalar jadal rivojlanishiga xizmat qiladigan yirik markazlarni birgalikda shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Kengash ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikning strategik mexanizmiga aylanishi lozimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan 2035-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan savdo-investitsiyaviy va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Shu bilan birga, kengash yangi tashabbuslarni ishlab chiqish, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish va yirik qo‘shma loyihalarni ilgari surishda muhim o‘rin tutadigan muloqot maydoniga aylanishi lozim.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
G‘olib HASANOV,
O‘zA maxsus muxbirlari