Samarqand muloqoti Markaziy Osiyoning dunyodagi ovoziga aylandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqand shahrida “S5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev va Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov suhbat avvalida davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajalardagi aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda ikki mamlakat munosabatlari tarixida yangi mexanizm – Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tuzildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari izchil oshib bormoqda. “Shovot – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Qayd etilganidek, o‘n bir yil avval boshlangan muloqot bugun Markaziy Osiyoning dunyodagi ovoziga aylandi.
– Bugun “Markaziy Osiyo plyus” formatlari dunyo miqyosida naqadar katta g‘urur bilan yangramoqda. Biz birgalikda juda ko‘p ishlarni amalga oshiryapmiz, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston delegatsiyasi bilan uchrashuvda.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik bo‘yicha oliy kengashni namuna sifatida ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Turkmaniston vaziri esa Samarqanddagi uchrashuvning tarixiy ramziga e’tibor qaratdi.
– Aynan shu shaharda 2015-yil noyabr oyida “C5+1” formatiga asos solingan. Oradan o‘n bir yil o‘tib, yana Samarqandda uchrashayotganimiz biz uchun alohida ahamiyatga ega, – dedi u.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda uchinchi Hududlar forumi va Turkmaniston shaharlarida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi uchrashuv avvalida davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Prezident Administratsiyalari, parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalar yuksak baholandi.
Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ekologiya sohalarida muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgan.
Ilgari bitta uchrashuvga bir oy davomida tayyorgarlik ko‘rilar edi. Bugun esa muloqotsiz o‘tayotgan haftaning o‘zi yo‘q!
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat munosabatlari qanchalik o‘zgarganini aynan shu misol bilan ifodaladi.
– Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich bilan munosabatlarimiz mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Hatto eng murakkab masalalarda ham birgalikda to‘g‘ri yechimlar topyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti haqida ham e’tiborga molik fikrlar bildirildi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev mamlakatimiz yetakchisiga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Prezidentimizning joriy yil iyul oyida Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.
Tovar ayirboshlash hajmining ijobiy o‘sish sur’ati, yetakchi korxonalar va hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakatning yaqinlashuvi, iqtisodiy hamkorlik hamda ittifoqchilik munosabatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Xalqlarimiz yildan-yilga bir-biriga tobora yaqinlashib borayotganimizni amalda his qilishi kerak. Bir milliard dollarlik tovar ayirboshlash hajmi – bu hali chegara emas. Agar tizimli sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘ysak, 5 milliard dollarlik marraga erishish ham mutlaqo realdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Muloqot davomida Prezidentning “Bizga kuchli Qirg‘iziston kerak!” degan so‘zlari yana bir bor yangradi.
– Men o‘shanda buni baralla aytgan edim. O‘zbekiston Prezidenti sifatida shuni ta’kidlaymanki, bundan o‘zbek xalqi faqat xursand bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri esa Prezidentning Cho‘lponotaga davlat tashrifini tarixiy deb atab, aynan uning siyosiy irodasi tufayli ikki mamlakat munosabatlari ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Kelgusi yilga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar tadbirlar va hududlar darajasidagi almashinuvlar rejasini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin uchrashuv avvalida davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
– Prezidentligimning ilk kunlaridanoq Tojikiston bilan munosabatlar men uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. O‘zingiz bilasiz, biz juda katta ishlarni amalga oshirdik. Ilgari chegaralar yopiq edi. Bugungidek savdo aylanmasi ham, bunday yaqin munosabatlar ham yo‘q edi.
O‘zbekiston va Tojikistonda bir-biri bilan qarindoshlik rishtalari orqali bog‘lanmagan oilaning o‘zi deyarli yo‘q.
ID-kartalar orqali chegaradan o‘tish tizimini joriy etishni ham tezlashtirishimiz kerak. Chunki yuk tashish hajmi ortib bormoqda va bu masalani hal qilishga real ehtiyoj mavjud, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirdi.
Madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham muhokama qildilar.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari