Samarqand muloqoti: Mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlari
Xalqaro munosabatlar tizimida davlatning mavqei, avvalo, o‘z milliy manfaatlarini qay darajada samarali himoya qilishi, tashqi hamkorlik imkoniyatlaridan qanday foydalanishi va global o‘zgarishlar sharoitida taraqqiyotning uzoq muddatli maqsadlarini belgilay olishi bilan namoyon bo‘ladi. Bugun dunyoda savdo yo‘nalishlari qayta shakllanayotgan, energetika va muhim mineral resurslariga talab ortayotgan, raqamli texnologiyalar iqtisodiy raqobatning hal qiluvchi omiliga aylanayotgan bir sharoitda mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati yanada kuchaymoqda.
Shu nuqtai nazardan, Samarqandda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Amerika Qo‘shma Shtatlarini birlashtirgan «C5+1» formatidagi vazirlar uchrashuvi, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning mamlakatimizga tashrifi va ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotlar muhim siyosiy-diplomatik ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvi, Amerika kompaniyalari rahbarlari bilan muloqotlari va O‘zbekiston–Amerika ishbilarmonlik hamda investitsiya kengashi doirasidagi tadbirlar o‘zaro munosabatlarning amaliy yo‘nalishlarini kengaytirishga qaratildi.
Mazkur jarayonlarning mohiyati shundaki, bugun tashqi siyosatda diplomatik muloqot va iqtisodiy hamkorlikni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Siyosiy ishonch investitsiyaviy aloqalar uchun sharoit yaratsa, iqtisodiy hamkorlikning barqaror natijalari davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning uzoq muddatli asoslarini mustahkamlaydi.
“C5+1” — mintaqaviy manfaatlarni uyg‘unlashtirish maydoni
2015-yilda boshlangan «C5+1» formati Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSH o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot mexanizmi hisoblanadi. Ushbu platforma siyosiy maslahatlashuvlar bilan birga, savdo, investitsiya, energetika, transport, atrof-muhit va xavfsizlik sohalaridagi umumiy vazifalarni muhokama qilish imkonini beradi.
Formatning ahamiyatini, eng avvalo, Markaziy Osiyoning geografik joylashuvi va iqtisodiy salohiyati bilan bog‘liq holda baholash lozim. Mintaqa Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi savdo aloqalarida muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, bu yerda energetika resurslari, muhim minerallar, qishloq xo‘jaligi, sanoat kooperatsiyasi va transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Biroq, salohiyatning mavjudligi o‘z-o‘zidan iqtisodiy ustunlikni ta’minlamaydi. Buning uchun mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, transport tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash, bojxona jarayonlarini soddalashtirish, investitsiyaviy to‘siqlarni kamaytirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish talab etiladi.
Masalan, mintaqaviy transport yo‘laklarining rivojlanishi O‘zbekiston eksportchilari uchun yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Biroq, bunday yo‘nalishlarning samarasi faqat yangi infratuzilma qurilishi bilan emas, balki tashilayotgan yuk hajmi, yetkazib berish muddatlari, logistika xarajatlari va eksport geografiyasidagi o‘zgarishlar bilan ham o‘lchanishi kerak.
Shu ma’noda, «C5+1»ning asosiy vazifasi alohida davlatlarning tashqi aloqalarini kengaytirish bilan birga, mintaqaning umumiy iqtisodiy imkoniyatlarini ham ishga solishdan iborat. Bunda Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti, teng huquqliligi va milliy manfaatlarini hurmat qilish muhim ahamiyatga ega. Har bir ishtirokchi uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan hamkorlikgina uzoq muddatli ishonch va barqaror natijalarni ta’minlay oladi.
Samarqand muloqotining siyosiy mazmuni
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning tashrifi O‘zbekiston–Amerika munosabatlaridagi siyosiy muloqotni iqtisodiy va texnologik hamkorlik bilan to‘ldirish nuqtai nazaridan e’tiborga molik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda strategik sheriklikni mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, shuningdek, ta’lim, innovatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatlararo munosabatlarda siyosiy muloqotning samarasi faqat uchrashuvlarning muntazamligi bilan belgilanmaydi. Uning mazmuni tomonlarning bir-birini qanchalik yaxshi tushunishi, o‘zaro manfaatlarni hisobga olishi va erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishi bilan belgilanadi.
O‘zbekiston tashqi siyosatida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan manfaatli munosabatlarni kengaytirish muhim o‘rin tutadi. Bunday yondashuv mamlakatga tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, yangi texnologiyalar va sarmoyalarni jalb etish, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoit yaratadi.
Shu bilan birga, har qanday sheriklikda milliy iqtisodiyot ehtiyojlari, uzoq muddatli rivojlanish maqsadlari va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari ustuvor bo‘lishi zarur. Demak, Samarqanddagi muloqotning muhim jihati — siyosiy aloqalarni aniq iqtisodiy tashabbuslar, texnologik hamkorlik va amaliy loyihalar bilan boyitishga bo‘lgan intilishdir.
Investitsiyaviy hamkorlik: sarmoyadan texnologik taraqqiyotga
O‘zbekiston–Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi iqtisodiy munosabatlarning amaliy yo‘nalishlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda investitsiya mamlakat iqtisodiyotiga faqat moliyaviy resurs olib kirish vositasi emas. U ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, mehnat unumdorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ham muhim omil hisoblanadi.
Shu bois O‘zbekiston–Amerika iqtisodiy hamkorligining istiqbollarini baholashda sarmoya hajmi bilan bir qatorda, uning iqtisodiyot tarkibiga ta’siriga ham e’tibor qaratish lozim.
AQSHning “Traxys” kompaniyasi bilan muhim minerallar, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya bilan shartnomaviy kelishuvlar tuzilgani va Toshkentda uning Markaziy Osiyodagi birinchi mintaqaviy ofisi ochilgani ham iqtisodiy aloqalarning amaliy mazmunini ko‘rsatadi.
Bu yerda asosiy masala — tabiiy resurslarni shunchaki xomashyo sifatida eksport qilishdan yuqoriroq iqtisodiy bosqichga o‘tish. Chunki resursni chuqur qayta ishlash yangi ishlab chiqarish quvvatlari, ish o‘rinlari, texnologik bilimlar va qo‘shimcha eksport imkoniyatlarini yaratadi.
Mazkur yondashuv O‘zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, sanoatning texnologik darajasini oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish uchun muhim.
Bunda loyihalarning moliyalashtirilishi, bajarilish muddatlari, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyasi va kadrlar tayyorlashga ta’siri alohida ahamiyatga ega. Ana shu mezonlar investitsiyalarning uzoq muddatli iqtisodiy natijalarini belgilaydi.
Moliya bozoridagi islohotlar va yangi imkoniyatlar
Samarqandda AQSHning “Franklin Templeton” kompaniyasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham iqtisodiy hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishini namoyon etdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, milliy investitsiya fondi faoliyati va korxonalarni xalqaro kapital bozorlariga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi aksiyalarining London va Toshkent birjalarida joylashtirilishi mamlakat tarixidagi birinchi xalqaro IPO bo‘ldi. Ushbu jarayonda qariyb 700 million dollar mablag‘ jalb etildi, aksiyalarga bo‘lgan talab taklifdan to‘rt martadan ziyod yuqori bo‘ldi.
Bu natijaning ahamiyati faqat moliyaviy mablag‘ jalb qilingani bilan cheklanmaydi. Xalqaro kapital bozorlariga chiqish korxonalar faoliyatida oshkoralik, korporativ boshqaruv, moliyaviy hisobdorlik va investorlar ishonchini ta’minlashga bo‘lgan talabni kuchaytiradi.
Davlat korxonalarini transformatsiya qilishning asosiy maqsadi ham ularning faoliyatini samarali tashkil etish, boshqaruv sifatini oshirish va iqtisodiy raqobatbardoshligini mustahkamlashdan iborat.
Shu bilan birga, aksiyalarni ommaviy joylashtirish jarayonlarida aholi ishtirokini kengaytirish ham muhimdir. Bu fuqarolarga milliy iqtisodiyotdagi o‘sish jarayonlarida ishtirok etish imkonini berishi, ichki kapital bozorini rivojlantirishi mumkin.
Bundan ayonki, xalqaro moliyaviy hamkorlik iqtisodiyotga mablag‘ jalb qilish bilan birga, boshqaruv madaniyatini takomillashtirish va korporativ mas’uliyatni oshirish vositasi hamdir.
“Artemida” kelishuvlari: ilm-fan va texnologiyalar sari qadam
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio tomonidan «Artemida kelishuvlari»ning imzolanishi ham tashrifning e’tiborli voqealaridan biri bo‘ldi.

Mazkur kelishuvlar Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni tinch maqsadlarda tadqiq etish va o‘zlashtirish sohasidagi xalqaro hamkorlik tamoyillarini belgilaydi. O‘zbekiston ushbu hujjatni imzolagan 77-mamlakat bo‘ldi.
Zamonaviy dunyoda kosmik tadqiqotlar faqat fazoni o‘rganish bilan cheklanmaydi. Sun’iy yo‘ldoshlar orqali aloqa, navigatsiya, iqlim kuzatuvlari, qishloq xo‘jaligi monitoringi, tabiiy ofatlarni baholash va raqamli infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlari kengaymoqda.
Shu nuqtai nazardan, xalqaro kosmik hamkorlik O‘zbekiston uchun ilmiy salohiyatni rivojlantirish, muhandislik va axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Biroq, xalqaro kelishuvning amaliy samarasi uning asosida qanday ilmiy dasturlar, ta’lim loyihalari va texnologik tashabbuslar ishlab chiqilishiga bog‘liq. Universitetlar, ilmiy markazlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanishning muhim sharti.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va AQSHning tarixiy-madaniy aloqalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning tashkil etilishi ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy va madaniy rishtalarni namoyon etdi. Unda Ahmad al-Farg‘oniyning ilmiy merosi, Amir Temurga bag‘ishlangan Edgar Allan Po she’riy to‘plami, amerikalik sayohatchilarning yurtimiz haqidagi asarlari hamda Toshkent va Sietl o‘rtasida 1973-yilda o‘rnatilgan birodarlik aloqalariga oid materiallar taqdim etildi.
Bu kabi tashabbuslar hamkorlikning faqat iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanmasligini ko‘rsatadi. Ilm-fan, tarix va madaniyat sohasidagi aloqalar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtiradi va davlatlararo munosabatlarning ijtimoiy asoslarini mustahkamlaydi.
Iqtisodiy taraqqiyot va mintaqaviy barqarorlik uyg‘unligi
«C5+1» formatidagi muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalaridir.
Terrorizm, transmilliy jinoyatchilik, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi va kiberxavflar bir davlat doirasida hal etilishi qiyin bo‘lgan muammolar. Ularga qarshi samarali kurashish uchun davlatlar o‘rtasida axborot almashinuvi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligi va muvofiqlashtirilgan yondashuvlar talab etiladi.
Ayni paytda mintaqaviy barqarorlikning iqtisodiy omillari ham katta ahamiyatga ega. Savdo va investitsiyalarning kengayishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatlarining ortishi jamiyatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlaydi.
Shu ma’noda, xavfsizlik va taraqqiyotni o‘zaro bog‘liq jarayonlar sifatida ko‘rish lozim. Barqaror muhit iqtisodiy faollikni rag‘batlantirsa, iqtisodiy imkoniyatlarning kengayishi ham uzoq muddatli barqarorlik uchun sharoit yaratadi.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun transport, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va savdo aloqalarini rivojlantirish ham umumiy manfaatlarga daxldor masalalar. Ularning samarali hal qilinishi nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki mintaqadagi ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston uchun mazkur jarayonlarning ahamiyati tashqi aloqalarni kengaytirish bilangina cheklanmaydi. Asosiy vazifa — xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga yo‘naltirish.
«C5+1»ning istiqboli ham Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi muloqot qay darajada aniq loyihalar, o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalar va barqaror natijalarga aylanishi bilan belgilanadi. Zero, xalqaro hamkorlikning haqiqiy samarasi mamlakatlar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, yaratilgan iqtisodiy imkoniyatlar va insonlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA muxbiri