Sayyor qabul: talabalarga vaucher berildi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Taxiatosh tumanidagi 7-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh.O‘temisov, Taxiatosh tumani hokimi I.Sdikov, O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi apparat rahbari A.Aybergenov, tuman prokurori A.Kipshakbayev, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Sh.Ismoilov hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Sayyor qabul aholi bilan ochiq muloqot, muammolarni joyida o‘rganish va ularga amaliy yechim topish maqsadida tashkil etildi. Qabul davomida fuqarolarning bandlik, uy-joy, kommunal xizmat, tibbiyot, ta’lim, tadbirkorlik, ijtimoiy yordam va mahalla infratuzilmasi bilan bog‘liq murojaatlari qabul qilindi.
Ayniqsa, aholini qiynayotgan masalalarni ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ul tashkilotlar, deputatlar va mutasaddilar ishtirokida har bir murojaat atroflicha muhokama qilinib, qator masalalarga shu joyning o‘zida yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa qat’iy nazoratga olindi.
Sayyor qabulda 150 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, ulardan 80 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Eng muhimi, qabul amaliy natijalari bilan aholida katta ishonch uyg‘otdi. Jumladan, ijtimoiy reyestrda turgan 8 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. 7 nafar yoshga oliy ta’lim muassasalari kontrakt to‘lovini amalga oshirish uchun vaucher topshirildi. Shuningdek, 3 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilish maqsadida qushchilik yo‘nalishida inkubator ajratilishi belgilandi.
O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi ochiq muloqotlar aholining dardini eshitish, muammolarni joyida hal qilish va xalq roziligini ta’minlashda muhim maydonga aylanmoqda. Amaliy natija bergan mazkur sayyor qabul fuqarolarda qiziqish va ishonchni yanada kuchaytirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.