Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda hududdagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan bevosita muloqot qilinib, biznes yuritish jarayonida uchraydigan to‘siqlar, monelik holatlari va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar hamda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan murojaat va takliflar qabul qilindi. Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


***
Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish hamda hududlarda keng ko‘lamli ijtimoiy himoya ishlarini amalga oshirish belgilab berildi.
Shu asosda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent viloyatidagi qariyb 15 ming nafarga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolg‘iz keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida Qibray tumani Navro‘z mahallasidagi xonadonlarda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi hamda ezgu duolar qilindi.
Ezgu va saxovatga yo‘g‘rilgan bunday tashabbuslar xalqimiz o‘rtasida mehr-oqibat va inson qadri yuksak qadrlanayotganining yana bir amaliy ifodasidir.


***
Olmaliq va Chirchiq shaharlari hamda Yuqori Chirchiq tumanida sportning gandbol, stol tennisi, boks va velosport turlari bo‘yicha “Toshkent viloyati hokimi Olimpiadasi” musobaqalari tashkil etildi.
Unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan jamoalar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi. Bellashuvlar davomida sportchilar o‘z mahorati, matonati va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi.

Mazkur musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda iqtidorli sportchilarni kashf qilishda muhimdir.
A.Musayev. O‘zA.