Muzey xodimlari uchun seminar-trening tashkil etildi
So‘nggi yillarda muzeylar va muzey xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
23-24-may kunlari Xiva shahrida muzey rahbarlari va xodimlari uchun “Zamonaviy muzeylar va raqamli fondlar: innovatsion boshqaruv strategiyalari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda 100 dan ziyod muzey xodimlari ishtirok etdi. Seminar-treningda bugungi kunda muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish va aholini muzeylarga keng jalb qilish, sun’iy intellektdan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Sababi, bugungi kunda yoshlarni muzeylarga jalb qilish og‘riqli muammolarimizdan. Seminar-treningni Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinborasi Elmurod Najimov, Xiva shahar xokimi Temur Davlatov ochib berdi. Tadbir davomida soha mutaxassislari muzey faoliyatini targ‘ib qilishda PR-texnologiyalarning o‘rni, muzey ashyolarini qayd etish va ilmiy ro‘yxatga olishda sun’iy intellekt integratsiyasi kabi mavzularda ma’ruza qildi.

Tadbir davomida sohada ko‘p yillardan buyon mehnat qilayotgan fidoyi muzey xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu rag‘batlantirish xodimlarni yanada qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
24-may kuni muzey xodimlari uchun Ichan-qal’a bo‘ylab sayohat tashkil etildi. Ochiq osmon ostida joylashgan bu muzey yillar davomida chet ellik mehmonlarni ham o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Bunday ekskursiyalar xodimlarning malakasini oshirish, muzey sohasida yangiliklarni o‘rganishga yordam berdi.

Ichan qal’a — O‘zbekistonning eng qadimiy va sirli tarixiy maskanlaridan biri. U Xiva shahrining ichki qal’asi hisoblanadi. Qalin devorlar bilan o‘ralgan bu hudud qadim zamonlardan buyon butun boshli tarixiy shahar sifatida saqlanib kelmoqda. Shu sabab Ichan qal’a ko‘pincha “Ochiq osmon ostidagi muzey” deb ataladi.
Ichan qal’a hududida o‘nlab madrasa, masjid, minora va saroylar mavjud. Ularning har biri o‘ziga xos me’morchilik uslubi va tarixiga ega. Ayniqsa, Kalta Minor minorasi o‘zining moviy koshinlari bilan sayyohlarni hayratga soladi. Bu minora juda baland qilib qurilishi rejalashtirilgan, ammo qurilish tugallanmay qolgani sabab “Kalta Minor” deb nom olgan.

Qal’aning eng mashhur joylaridan yana biri Ko‘hna Ark saroyidir. Bu yer qadimda hukmdorlar yashaydigan va davlat ishlari olib boriladigan markaz bo‘lgan. Shuningdek, Pahlavon Mahmud maqbarasi ham muqaddas ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. 1990 yilda YUNESKO Ichan qal’ani Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritgan. Bu esa uning nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo madaniy merosi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Ichan qal’ada sayr qilish jarayonida o‘zimizni go‘yo bir necha asr oldingi Sharq shahriga tushib qolgandek his qildik. Qadimiy ko‘chalar, devorlar va moviy koshinlar tarix nafasi bilan uyg‘unlashib, inson qalbida unutilmas taassurot qoldiradi.
Gulnora RAJABOVA,
Sergey Borodin uy-muzeyi direktori
O‘zA