«O‘zbekiston solistlari» kamer orkestri – 40 yoshda!
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi «O‘zbekiston solistlari» kamer orkestri tashkil etilganining 40 yilligi munosabati bilan katta yubiley konserti o‘tkazildi.
“Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda bir qator xorijiy mehmonlar, madaniyat va san’at sohasi mas’ullari, Filarmoniya rahbariyati va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yubiley dasturi avvalida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tojiboyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning tantanali tabrigini o‘qib eshittirdi va orkestr jamoasini tabrikladi.

“O‘zbekiston solistlari” kamer orkestrining bir guruh a’zolariga vazirlik tomonidan "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni topshirildi.
Yubiley oqshomida so‘zga chiqqan xorijiy mehmonlar va taniqli san’at arboblari jamoani muborakbod etib, ushbu orkestrning nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham munosib obro‘ qozonganini alohida ta’kidladi.

Tantanali kechada san’at ixlosmandlari orkestr ijrosida jahon va o‘zbek klassik musiqasining eng sara namunalaridan bahramand bo‘ldi.
E’tiborlisi, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Graf Murja, mahoratli musiqachilar Ruya Taner (Turkiya), Vang Siaotong (Xitoy), xalqaro tanlovlar g‘olibi Elnura Mirzakamolova va boshqa san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan yubiley dasturiga yanada fayz bag‘ishladi.

Shuningdek, professional ijodkorlar Yan Sziyan (Xitoy), Rovshen Nepesov (Turkmaniston), xalqaro tanlovlar sovrindori Ivan Denisenko hamda orkestr badiiy rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Anvar Raimjonov dirijyorligi ostida taqdim etilgan musiqiy asarlar muxlislarga unutilmas taassurot bag‘ishlab, gulduros olqishlarga sazovor bo‘ldi.
“O‘zbekiston solistlari” kamer orkestrining 40 yillik yubiley konserti musiqa orqali qalblarni birlashtirgan ajoyib oqshomga aylandi.
N.Usmonova,
O‘zA