Sayxunobodda “Obod xonadon” tajribasi ommalashtiriladi
Sayxunobod tumanida mahallalarda obodlik muhitini yanada mustahkamlash, aholining turmush madaniyatini yuksaltirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan “Obod xonadon” namunasi asosida amaliy tadbir o‘tkazildi. Unda davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Amaliy mashg‘ulot Guliston mahallasidagi Chorgoh ko‘chasida yashovchi Rustam Sangilov xonadonida tashkil etildi. Unda mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari hamda tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida xonadon va hovli hududini ozoda va saranjom saqlash, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, tomorqadan samarali foydalanish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish hamda oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar amaliy namoyish etildi. Shuningdek, mahallalarda obodlik ishlarini tizimli tashkil etish, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va har bir xonadonni namunaviy holatga keltirish yuzasidan amaliy tavsiyalar bildirildi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarni har tomonlama obod va farovon maskanga aylantirish, aholi turmush sifatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar bugun joylarda amaliy natija bermoqda. Xususan, Sayxunobod tumanida “Obod xonadon” tajribasini keng joriy etish orqali har bir xonadonda ozodalik, saranjomlik va fayzli muhitni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda “mahalla yettiligi”, mahalla faollari, tadbirkorlar va keng jamoatchilikning hamjihatligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugungi amaliy tadbir ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ularni barcha mahallalarga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Endi har bir mahallada namunaviy xonadonlar sonini ko‘paytirish, ko‘chalarni obod qilish, tomorqalardan samarali foydalanish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish va aholining bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirishga e’tibor qaratiladi. Zero, obod mahalla — inson qadri ulug‘langan, ahillik va hamjihatlik qaror topgan maskandir, — deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Sayxunobod tuman bo‘limi boshlig‘i Tohir Javlonov.

Tadbirda “Obod xonadon” tajribasini keng ommalashtirish mahallalarning tashqi qiyofasini yaxshilash barobarida aholi o‘rtasida ekologik madaniyat, ozodalik va fuqarolik mas’uliyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

— Obod xonadon — obod mahalla, obod mahalla esa hudud taraqqiyotining mustahkam poydevoridir. Bu jarayonda tadbirkorlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallalarni obodonlashtirish, tomorqalardan unumli foydalanish va aholi bandligini ta’minlaydigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali nafaqat mahallaning qiyofasi, balki odamlarning turmush madaniyati va tashabbuskorligi ham yuksaladi. “Obod xonadon” tajribasini keng joriy etish ana shu ezgu maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘ladi, — deydi Sayxunobod tuman Savdo-sanoat palatasi boshlig‘i, tadbirkor Shoira Shamatova.

Tadbir yakunida tumandagi barcha mahallalarda “Obod xonadon” tajribasini bosqichma-bosqich joriy etish, har bir xonadonning obodligi va namunaviy qiyofasini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, mutasaddilarga aholini obodonlashtirish ishlariga keng jalb etish, “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni barcha mahallalarda ommalashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar yuklatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri