Migratsiya sohasida AQSH bilan hamkorlik masalasi ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muloqot mamlakatimizda xalqaro standart asosida yo‘lga qo‘yilayotgan mehnat migratsiyasi tizimi, xorijiy mehnat bozorini diversifikatsiya qilish, nomzodlarni tayyorlash, ularning huquqi va manfaatini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlandi.
Suhbat davomida AQSH qishloq xo‘jaligida ishlashga doir sinov loyihalarining borishi hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni yuzasidan ham fikr almashildi.

Elchi qonuniy mehnat migratsiyasi jarayonida nomzodlarni har tomonlama puxta tayyorlash muhimligini qayd etib, ularning ish joyi, mehnat va yashash sharti, ko‘zda tutilayotgan xarajat, ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlov hamda O‘zbekistonga qaytish muddati bo‘yicha to‘liq xabardorlik zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, hujjatlarni belgilangan talab asosida rasmiylashtirish, nomzodlarning viza hamda migratsiya tarixini oldindan o‘rganish bo‘yicha tavsiya berildi.

Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va AQSH elchixonasi konsullik xizmati o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ma’lumot almashish hamda ish beruvchilar bilan suhbat o‘tkazish, hujjat topshirish jarayonini oldindan muvofiqlashtirib borish masalalari kelishib olindi. Hamkorlikni bosqichma-bosqich yondashuv asosida rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdorlik e’tirof etildi.
G.Sattorova, O‘zA