Saxovat va mehr-oqibat ayyomi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22-maydagi “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakatimizda aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, bayramni munosib nishonlash, tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishini ta’minlash uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, qolaversa, Qurbon hayiti bayramini yuqori saviyada o‘tkazish uchun Andijon viloyatida ham zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Qarorda belgilanganidek, har bir tuman, shaharda bemor bolalarda jarrohlik amaliyotlarini bepul o‘tkazish, bemorlarni davolash hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga moddiy yordam ajratish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Bilamizki, hayit bayrami munosabati bilan xalqimizning xayru saxovat, mehr-oqibatga yo‘g‘rilgan ishlari ko‘lami yanada ortadi. Ayni kunlarda viloyatning har bir mahallasida mehr-oqibat, saxovat ishlari olib borilmoqda, imkoniyati cheklangan, yakka yolg‘iz yashovchilarga xayru saxovatlar ko‘rsatilmoqda.

Masalan, bayrami munosabati bilan birgina Oltinko‘l tumanida “Vaqf” fondi tomonidan 760 nafar davlat ta’minotidagi, 153 nafar yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bu kabi saxovat ishlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida olib borilmoqda.
Ayniqsa, viloyatdagi aksariyat qabristonlarda o‘tkazilgan tozalash va obodonlashtirish ishlarida yoshu keksa hamjihat bo‘lib ishtirok etdi.
– Nafaqat ko‘cha va guzarlarimiz, balki hududimizdagi “Qo‘chqorlik ota” qabristonini tozalash, obodonlashtirish ishlarida barcha faol qatnashdi, – deydi Andijon shahridagi “To‘qqizariq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xotamjon Ahmedov. – Ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan, tiriklar uchun ibrat maskani bo‘lgan qabristonlarni obodonlashtirish eng xayrli va savobli ishlardan biri, qolaversa, har bir kishining insoniylik burchidir.

Viloyatdagi hayit namozlari o‘qiladigan masjidlarda bayramga puxta hozirlik ko‘rildi. Muborak bayram kunida xalqimiz, fuqarolarimiz qalbiga bayram shukuhini singdirish, mamlakatimizda yurtdoshlarimizning ibodat qilishlari, zimmalaridagi diniy amallarni ado etishlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni tushuntirish maqsadida diniy idoralar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, Ma’naviyat-targ‘ibot markazi, ichki ishlar bo‘limlari, umuman, keng jamoatchilik vakillari hamkorligida mahallalarda, masjidlarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borildi.

Ertaga Qurbon hayiti namozi viloyatdagi 179 ta jome masjidi hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida o‘qildi. Masjidlarda namozxonlar uchun zarur barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratildi. Bundan tashqari, aholiga bayramona va ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida masjidlarga kishi ruhiyatini ko‘taruvchi shiorlar o‘rnatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda bayramni yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazish, masjidlarda Qurbon hayiti namozini emin-erkin o‘qish uchun zarur ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar yurtdoshlarimiz qalbiga bayramona shukuh ulashmoqda, kayfiyatlarini yanada ko‘tarmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.