Samarqandda yangi tayinlovlar
Samarqand viloyat hokimligi tashkiliy tuzilmasida o‘zgarish bo‘ldi. Viloyat hokimi o‘rinbosarlari soni yana bittaga ko‘payib, rasmiy delegatsiyalarning tashrifi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.
Ushbu lavozimga shu paytgacha Samarqand viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – turizm boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Qobilov Rustam Rajabboyevich tayinlandi.

Rustam Qobilov Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi arafasida Prezident farmoniga ko‘ra, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangandi.
Samarqand viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – turizm boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Suyunov Jo‘rabek Bahriddinovich tayinlandi.

J.Suyunov shu paytgacha viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri