Qattiq maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish tashkil etiladi
Xorazmda qattiq maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarishga oid muhim Prezident qarori qabul qilindi. Bu viloyat ekologiyasi va energetikasida yangi davrni boshlaydi.
“Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
“Green Hammer Co., Ltd” kompaniyasi (Koreya Respublikasi) (Investor) tomonidan “Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi doirasida xorijiy korxona ta’sis etilgan.
2026-yil 14-sentabrda qabul qilingan qarorga ko‘ra, elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq:
Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi;
Loyiha kompaniyasi Loyiha doirasida elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun zarur bo‘lgan havo elektr uzatish tarmoqlari va tegishli elektr infratuzilmasi qurilmalarini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan beriladigan texnik shartlar asosida quradi va ishga tushirilgandan so‘ng ularni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiradi;
Loyiha kompaniyasi elektr stansiyasini ishga tushirishdan oldin “Milliy dispetcherlik markazi” DUK va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda uning elektr energetika tizimiga ta’sirini baholash bo‘yicha texnik xulosa tayyorlaydi hamda mazkur xulosa asosida tarmoqqa ulanishning yakuniy shartlari kelishiladi;
“O‘zenergosotish” AJ 30 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda milliy valyutada xarid qiladi;
Agentlik Loyiha kompaniyasiga 30 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib beradi;
Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishining ta’minoti sifatida 7 mln. AQSH dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etadi.
Sherbek Islomov, O‘zA