Tabassum mahallasida yangilanishlar ko‘lami kengaymoqda
Qarshi shahridagi Tabassum mahallasida ko‘p qavatli uylar va ular atrofidagi hududlarni obodonlashtirish, aholi uchun qulay va zamonaviy muhit yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarning tashqi qiyofasini yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Rashid Obod” MCHJ boshqaruv kompaniyasi tomonidan qator uylarning fasadlari ta’mirlanib, ularga yangi ko‘rinish berildi. Bu nafaqat binolarning tashqi qiyofasini yaxshilamoqda, balki mahallaning umumiy manzarasini ham o‘zgartirmoqda.

Uy-joylarning ichki va tashqi infratuzilmasini tartibga keltirish ishlari ham kompleks tarzda olib borilmoqda. Kirish yo‘laklari, eshiklar va tom qismlari ta’mirlanib, eskirgan jihozlar yangilanmoqda. Uylar oldidagi hududlar betonlashtirilib, aholi yurishi va harakatlanishi uchun yanada qulay sharoit yaratilmoqda.
– Bugun odamlar uyining faqat ichi emas, atrofi ham obod bo‘lishini istaydi. Shuning uchun ishlar faqat fasadlarni ta’mirlash bilan cheklanmayapti. Uylar oldi, yo‘laklar, yoritish va dam olish joylarini ham tartibga keltirishga e’tibor qaratyapmiz, – deydi “Rashid Obod” MCHJ boshqaruv kompaniyasi rahbari Abduvohid Norqulov.

Mahallada aholining, ayniqsa, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun ham sharoit yaratilmoqda. Uylar oldida bolalar o‘yingohlari barpo etilib, mavjud hududlarni yanada obod va ko‘rkam qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa ko‘p qavatli uylar orasidagi bo‘sh maydonlarni shunchaki hudud emas, aholi foydalanadigan qulay jamoat makoniga aylantirish imkonini bermoqda.

Mahalladagi bugungi o‘zgarishlar bir qarashda oddiy ta’mirlash ishlaridek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa har bir yangilangan fasad, ta’mirlangan yo‘lak yoki obod qilingan hudud ortida aholiga qulay yashash sharoitini yaratish maqsadi mujassam.
Eng muhimi, bunday ishlar mahallaning qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, aholining o‘z yashash muhitiga munosabatini ham yaxshilashga xizmat qiladi. Obod uy va toza hudud esa odamlarda o‘z mahallasiga daxldorlik va uni asrash mas’uliyatini kuchaytiradi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri