Samarqandda Xalqaro shaxmat federatsiyasining yangi rahbari saylandi
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida o‘tkazilgan FIDE Bosh assambleyasi yig‘ilishida Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti etib saylandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va FIDE Kongressi ishtirokchilarini qutladi. Mamlakatimizning shaxmatni rivojlantirish va dunyo bo‘ylab keng ommalashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.

Saylovda ovoz berish natijalariga ko‘ra, 38 yoshli qozog‘istonlik Temur Turlov ikkinchi bosqichda 110 ovoz bilan FIDEning eng yosh prezidenti sifatida saylandi.
Aytish lozimki, saylovda 196 ta milliy shaxmat federatsiyalarini ifodalovchi delegatlar qatnashdi. FIDE rahbarligi uchun 3 nafar nomzod kurash olib bordi.
Birinchi bosqichda Turlov 96 ta, Vadim Rozenshteyn (Germaniya) 76 ta va Yan Henrik Byuttner (Germaniya) 20 ta ovoz oldi. Ikkinchi bosqichda Qozog‘iston vakili 110 tadan 85 ta ovoz bilan g‘alaba qozonib, Samarqand zaminida o‘tgan saylovda FIDEning sakkizinchi prezidenti sifatida faoliyatini boshlaydigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Timur Turlov 1987-yil 13-noyabrda tavallud topgan. Mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi va NASDAQ fond birjasida ro‘yxatga olingan va bozor kapitallashuvi taxminan 11 milliard dollarni tashkil etadigan xalqaro moliyaviy guruh “Freedom Holding Corp” kompaniyasining bosh direktori hisoblanadi.

Aytish lozimki, 2023-yildan beri u Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti vazifasida ishlab kelmoqda. Turlov shuningdek, 2024-yil sentabr oyida tashkil etilgan Xalqaro maktablar shaxmat federatsiyasining asoschi rahbari sanaladi.
Shuningdek, u Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston milliy shaxmat federatsiyalarini birlashtirgan assotsiatsiya raisi hisoblanadi. Assotsiatsiya homiyligida joriy yil Ostonada birinchi turkiy jamoaviy shaxmat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofa kasb etgan va o‘ziga xos xalqaro maqomga ko‘tarilgan Samarqand shahri millionlab shaxmat ishqibozlari, mutaxassislarini bir maydonga jamlagan shaxmatning yangi rivojlanish bosqichini boshlab bermoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA