Osiyo o‘yinlari: O‘zbekiston delegatsiyasi to‘rtinchi o‘rinda
Yaponiyada davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining 26-sentabr kungi bellashuvlari yakuniga yetdi. Unda sportchilarimiz uchta medalni qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu kunda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari yengil atletika, kamondan otish, o‘q otish, qilichbozlik, sinxron suzish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, gandbol, boks, og‘ir atletika, ot sporti hamda chim ustida xokkey bo‘yicha bahslarga kirishdi.
Quvonarlisi, baydarkada eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi K1 dasturining 500 metr masofasida Shahriyor Mahkamov marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi K1 dasturining 500 metr masofasida Arina Tanatmisheva kumush medalni qo‘lga kiritdi. Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha aralash juftliklar o‘rtasidagi C2 dasturining 500 metr masofasida esa Vladlen Denisov va Nilufar Zokirova finishga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Afsuski, “Aichi–Nagoya-2026” Osiyo o‘yinlarining yengil atletika bo‘yicha kechki dasturidan o‘rin olgan bahslarda vakillarimiz kutilgan natijalarni qayd eta olmadi. Jumladan, 1500 metrga yugurishda Sabohat Samijonova 7-o‘rinni egallagan bo‘lsa, uch hatlab sakrashda Ibrohim Mahkamov 5-natijani qayd etdi.
200 metrga yugurishda Sulton G‘afurjonov finalga yo‘l ololmadi. Ayollar o‘rtasida ushbu masofada Laylo Allaberganova va Jonbibi Hukmova ham final bosqichiga chiqa olmadi. Jonbibi Hukmova jarohati sabab 400 metrga yugurish finalida ishtirok etmadi.
Bugungi boks bo‘yicha bahslar ham qizg‘in davom etdi. -60 kilogramm vazn toifasida Sitora Turdibekova ilk jangini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bokschimiz dastlabki bosqichda vetnamlik Xa Txi Linni 5:0 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Erkaklar o‘rtasida -55 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Samandar Olimov esa ilk jangida tailandlik raqibiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 34 taga yetib, umumjamoa hisobida to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Ularning 8 tasi oltin, 17 tasi kumush va 9 tasi bronza.
[gallery-31629]
Medallar jamg‘arishda Xitoy 107 ta oltin, 41 ta kumush va 28 ta bronza medal bilan peshqadamlik qilmoqda. Yaponiya 31 ta oltin, 49 ta kumush va 49 ta bronza medal bilan ikkinchi, Janubiy Koreya 16 ta oltin, 21 kumush va 36 ta bronza medal bilan uchinchi o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat)
O‘zA