Samarqandda Fransuz oliy muhandislik maktabi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi chog‘ida Samarqand viloyati delegatsiyasi Nitssa shahrida shahar ma’murlari va tadbirkorlik sub’ektlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, xalqaro Frankofoniya tashkiloti direktori Yann Librati bilan uchrashuvda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev ham ishtirok etib, mazkur tashkilot va universitet o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar yakunida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Fransiyaning yetakchi muhandislik universitetlari bilan hamkorlikda Fransuz oliy muhandislik maktabi (French Higher School of Engineering)ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

– Xalqaro Frankofoniya tashkiloti dunyo bo‘ylab fransuz tilini targ‘ib qilish, madaniy xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi, – deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yu.Abdullayev. – Tashkilot jahon bo‘ylab 100 dan ortiq hamkor tashkilotlariga ega. Hamkorlikda tashkil etiladigan Fransuz oliy muhandislik maktabi O‘zbekistonda yuqori sifatli texnologik ta’lim tizimini rivojlantirish hamda sanoat ehtiyojlariga mos keladigan malakali muhandislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Institut maqomidagi ushbu oliy maktab shu yilning sentyabr oyida o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, konchilik, geologiya, neft va gaz, kimyo muhandisligi kabi muhim ta’lim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri