Ma’rifat bayroqdori
Uchinchi renessans g‘oyasi zamirida ulkan tarix yotadi. Qo‘qon xonligi davrida ilm-ma’rifatga tayangan, shoh va shoir Amir Umarxon merosi bugungi avlod uchun nega muhim?
Bejizga ulkan marralarni ko‘zlab yo‘lga chiqqan millat emasmiz. Davlatimiz rahbari ilgari surayotgan uchinchi "Renessans" g‘oyasi ham o‘z-o‘zidan emas. Gap shundaki, bizda shonli tarix va undan meros qolgan boy ma’rifiy xazina bor. Bunday xazina nafaqat olis tarixda, balki yaqin tariximizda ham talaygina. Millatimiz ma’naviyati shu qadar yuksakki, sho‘ro hukumatining qariyb bir asr mobaynida uni yo‘q qilishga uringan tazyiqidan keyin ham o‘z zalvorini deyarli yo‘qotmadi.
Albatta, bunda ma’rifat uchun jon fido etgan ajdodlarimizning xizmatlari ham beqiyos. Ammo bu ma’naviyatimiz qo‘rg‘oni nechog‘liq mustahkam ekanligidan ham dalolatdir. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, sobiq sho‘ro davrida ko‘plab ajdodlarimiz hayoti noto‘g‘ri talqin etilgan. Ana shunday ajdodlarimizdan biri — yirik davlat arbobi, shoh va shoir Amir Umarxon edi. U qisqa vaqt boshqaruvda bo‘lgan bo‘lsa-da, ulkan islohotlarni amalga oshirdi. Qator mamlakatlar, xususan, Rossiya, Usmonlilar imperiyasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga intilgan. Bu davrda san’at, madaniyat va adabiyot tom ma’noda gullab yashnagan. Shu sababli ham adabiy merosimizda Qo‘qon adabiy muhiti ulkan ahamiyat kasb etadi. Umarxonning o‘zi ham benazir iste’dod egasi edi. Aynan uning topshirig‘i bilan 1821-yilda Fazliy Namangoniy 63 shoirning she’rlarini o‘z ichiga olgan “Majmuai shoiron“ to‘plamini tuzgan. Buning o‘ziyoq ulkan adabiy meros edi. Umarxon Amiriy taxallusi bilan ijod qilib, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedilni o‘ziga ustoz sanab, ulardan ijod sirlarini o‘rgangan, ularga ergashib ijod qilgan, g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Aruzning turkiy adabiyotda mashhur, xalq ijodida ham keng tarqalgan yengil va o‘ynoqi vaznlaridagina yozilgan bu she’rlarning barchasi ishq-u muhabbat mavzusidadir. Ularda an’anaviy motivlar va tasavvufiy ruh ustuvor. U, shuningdek, o‘zbek va fors-tojik tillaridagi she’rlarini to‘plab, devon ham tartib bergan. Devon g‘azal, muxammas, musaddas, tuyuq janrlaridagi 10 ming misradan ortiq she’rni o‘z ichiga olgan. Saroy hayotida Umarxonning rafiqasi Moxlaroyim (Nodira) (1792–1842) muhim o‘rin egallagan. Moxlaroyim ilm-fan, adabiyot va san’at homiysi sifatida xonlikning madaniy hayotida faol ishtirok etgan. Moxlaroyim Navoiy an’analarini davom ettirgan, she’riyatning 12 ta janrida qalam tebratgan. Umarxon g‘azallarida dunyoviy ishq tavsifi bilan bir qatorda so‘fiyona talqindagi g‘oyalar ham mavjud.
Xulosa qilib aytganda, Umarxon davrida ilmiy-madaniy muhit yuqori bosqichga ko‘tarilgan. Shu sababli ham u o‘z davrida xalq orasida «Jannatmakon» degan buyuk unvonga sazovor bo‘lgan. Istiqlol yillarida unga bo‘lgan ehtirom qayta tiklanib, ijodiy merosi keng talqin etildi va bir qancha ilmiy ishlar himoya qilindi. Davlatchilik va jamoatchilik sohasidagi islohotlari yuqori baholanib, kelajak avlodga munosib yetkazish uchun qator amaliy ishlar olib borildi. Xususan, «Qo‘qon shamoli» degan kinofilmi yaratildi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarda ham aynan ilm, kitob, madaniyat, san’at va adabiyot ustuvor. Shunday ekan, buyuk tarixdan olingan saboq buyuk kelajakka eltgusi.
Sherbek Islomov, O‘zA