Qiziltepada sanoat zonalari kengaymoqda
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, G‘oyibon mahallasida 5 gektar maydonda “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” tashkil etilgan. Shundan 4,3 gektari qurilish maydoni hisoblanadi. Hududda umumiy qiymati 51,2 milliard so‘m bo‘lgan 43 ta loyihani amalga oshirish va 290 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Sanoat zonasida tadbirkorlar uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratilgan. Jumladan, gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, ichki yo‘llar asfaltlangan va shag‘al yotqizilgan. Bu ishlar uchun byudjet mablag‘laridan 3,217 milliard so‘m sarflangan.
Ayni paytda hududdagi 17 ta lotda qurilish ishlari yakunlanib, shuncha loyiha ishga tushirilgan. Korxonalarda metallga ishlov berish, metall mahsulotlari, polietilen paketlar va plastmassa qisqichlar ishlab chiqarish, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, muzlatkichli sig‘imlar tashkil etish kabi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-31526]
Jumladan, “Baxtiyor nurli kelajak omadi” MCHJda polietilen paketlar ishlab chiqarilmoqda. Korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar mahalliy bozorga yetkazib berilmoqda.
Tadbirkor Dilshod Ne’matov tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida esa metall mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Hududdagi qolgan 26 ta loyiha bo‘yicha ham qurilish ishlari boshlangan. Ularni joriy yil dekabr oyiga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 13 ta korxonaga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Tumanda boshqa kichik sanoat zonalarini tashkil etish ishlari ham davom etmoqda. G‘oyibon mahallasi hududida umumiy 14,2 gektar maydonda ikkita kichik sanoat zonasi tashkil etilgan.
Ulardan birida “HASANCHA OMADI” MCHJ tomonidan beton va tayyor beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, korxona ishga tushirilgan. Yana bir maydonda YATT “To‘rayev G‘anisher” tomonidan brezent ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ayni paytda mazkur kichik sanoat zonalarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. 2026-yilda bu maqsadlar uchun 5,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Mablag‘lar yo‘l, elektr energiyasi va ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Infratuzilma ishlari yakunlangach, bu hududlarda yana 26 ta loyihani ishga tushirish va 185 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA