O‘zbekiston-AQSH: 35 milliard dollarlik reja ortidagi haqiqiy vazifalar
Davlat kotibi Marko Rubioning yurtimizga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi savdo, investitsiya va texnologiya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz. Zero, ayni payt O‘zbekiston va AQSH munosabatlaridagi asosiy masala – e’lon qilingan kelishuvlarni amaldagi loyihalarga aylantirish.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev aytishicha, bu jarayon so‘nggi davrda sezilarli faollashgan. Davlat rahbarlari uchrashuvlari, yangi investitsiya mexanizmi va savdo bitimlari aloqalar faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmayotganini ko‘rsatadi. Endi e’tibor iqtisodiy natijaga, yangi ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarimizni Amerika bozoriga olib chiqishga qaratilmoqda. Samarqanddagi uchrashuvlar shu jihatdan juda muhim.
Savdo o‘syapti, imkoniyat esa hali to‘liq ishga solinmagan
O‘zbekiston – AQSH tovar aylanmasi 2018-yildagi 408 million dollardan 2024-yil 881,7 million dollarga yetgan. O‘tgan mavsum yakunida bu ko‘rsatkich 1 milliard dollardan oshdi. 2026-yil boshidan yana 20 foiz o‘sgan savdo hajmi yil yakunida 2 milliard dollarga yetishi kutilyapti.
Respublikamizda 340 ga yaqin Amerika kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Ayirboshlash ko‘lamini yanada kengaytirish uchun eksport turini ko‘paytirish, Amerika bozoriga kirishdagi to‘siqlarni kamaytirish talab etiladi.
Yana bir e’tiborli raqam: AQSHga eksportimizda xizmat ulushi taxminan 86 foiz Bu jarayonda axborot texnologiyalari sohasi muhim o‘rin tutadi. Raqamli xizmat eksporti bilan shug‘ullanuvchi 800 faol kompaniyaning 448 tasi Amerika bozoriga yo‘nalgan.
Bu mahalliy IT-kompaniyalar uchun keng imkoniyat. Binobarin, aloqalarni faqat raqamli xizmat bilan cheklamaslik kerak. O‘zbek to‘qimachiligi, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham ummon ortiga ko‘proq olib chiqish dolzarb vazifa. Buning uchun xalqaro sertifikat, mahsulot sifati, logistika va mahalliy brendni tanitish masalalarini hal etish zarur.
Sarmoyada asosiy mezon – natija
Investitsiya sohasida ham imkoniyat bisyor. Qo‘shma loyihalar qiymati 11 milliard dollardan oshgan, uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi 35 milliard dollarga baholangan. 2025-yil noyabrdagi C5+1 sammitida 8,7 milliard dollarlik kelishuv to‘plami shakllangan.
Shu yil iyunda ishga tushirilgan qo‘shma sarmoya platformasi ham yangi loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qiladi. Energetika, transport, infratuzilma, axborot texnologiyalari, farmatsevtika va muhim minerallar sohalarida 900 million dollardan ortiq qiymatga ega dastlabki loyihalar shakllantirilgan.
E’lon qilingan mablag‘ bilan amalda o‘zlashtirilgan sarmoyani farqlash joiz. Kelishuv qanchalik yirik bo‘lmasin, ishlab chiqarish korxonalari, yangi ish o‘rinlari va eksport hajmida aks etmasa, iqtisodiy samara cheklanib qolaveradi.
Demak, navbatdagi bosqichda investorlarga qulay va barqaror huquqiy muhit yaratish, loyihalar ijrosini muntazam nazorat qilish va mablag‘ amalda iqtisodiyotga kirib kelishini ta’minlash muhim.
Muhim minerallar: xomashyoni emas, tayyor mahsulotni eksport qilish
Muhim minerallar, ya’ni zamonaviy sanoat va texnologiya uchun strategik ahamiyatga ega resurslar, O‘zbekiston – AQSH hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir.
2026-yil 5-fevralda muhim minerallar va noyob yer unsurlari ta’minoti bo‘yicha memorandum imzolangan. Keyingi bosqichda mis, uran, volfram va kamyob yer osti metallarini qidirish, xom ashyoni mamlakatimizda chuqur qayta ishlash imkoniyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Gap faqat resurs qazib olish haqida emas. Agar mamlakat xom ashyoni eksport qilish bilan cheklansa, qayta ishlashdan keladigan qo‘shimcha daromadning salmoqli qismi boshqa bozorlarda shakllanadi. Mahalliy qayta ishlash korxonalari tashkil etish orqali esa yangi ish o‘rinlari yaratiladi, texnologiya o‘zlashtiriladi, sanoat salohiyati yuzaga chiqadi. Buning uchun Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy uskuna va texnologiya jalb qilish, mahalliy mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda mahsulot ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘yish zarur.
Transport va energetika
O‘zbekistonning dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni yo‘qligi tashqi savdo xarajatiga ta’sir qiladi. Shu bois xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va logistika infratuzilmasini kengaytirish tashqi iqtisodiy hamkorlikning muhim sharti hisoblanadi.
Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurish, quruqlik portlari va logistika markazlarini rivojlantirish, Transkaspiy yo‘nalishidan foydalanish hamda Transafg‘on temir yo‘li loyihasini ilgari surish istiqbolli. Bu tashabbuslar amalga oshsa, mahsulotlarimiz tashqi bozorga chiqishi ko‘lami kengayadi.
Energetika sohasida elektr tarmog‘ini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va yangi sanoat quvvatlarini barqaror energiya bilan ta’minlash masalalari dolzarb. Texnologiya hamkorligida sun’iy intellekt, ma’lumot markazlari, havoyi xizmat va moliyaviy texnologiya alohida o‘rin tutadi. Mazkur yo‘nalishlarda xorijiy kompaniyalarni jalb qilishning o‘zi yetarli emas. Asosiy maqsad texnologiyani o‘zlashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va raqobatbardosh mahsulot hamda xizmat yaratishdan iborat.
Uzoq muddatli hamkorlik omillari
O‘zbekiston va AQSH munosabatidagi faollikni barqaror natijaga aylantirish uchun iqtisodiy kelishuvlar bilan birga mustahkam huquqiy va institutsional asos ham zarur.
Savdo aloqalariga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar qatorida AQSHning 1974-yilgi Jekson-Venik tuzatishi, respublikamizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni va yuqori logistika xarajatini ko‘rsatish mumkin. Bu masalalar hal etilsa, ikki mamlakat tadbirkorlari uchun bozorga kirish imkoniyati, savdo sharti yanada aniq bo‘ladi.
Tabiiyki, hamkorlik faqat davlat rahbarlari uchrashuvlari bilan cheklanmaydi. Doimiy biznes muloqoti, parlamentlararo aloqa, universitetlar hamkorligi va O‘zbekiston hududlari bilan Amerika shtatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlar ham muhim. Bunday mexanizmlar kelishuvlar uzoq muddat amal qilishi, ijrosi izchil davom etishiga xizmat qiladi.
Samarqanddagi uchrashuvlar esa davlatimizning mintaqaviy iqtisodiy tashabbuslarini ilgari surish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Natija esa uchrashuvlar soni yoki imzolangan hujjatlar emas, balki loyihalar amalga oshishi, eksport miqdori ortishi, ish o‘rinlari ko‘payishi bilan baholanadi.
Xullas, O‘zbekiston – AQSH hamkorligining keyingi bosqichi uchun eng muhim vazifa siyosiy yaqinlikni iqtisodiy natijaga aylantirishdir. Milliardlab dollarlik reja ishlab chiqarish, texnologiya, savdo va aholi farovonligida sezilarli o‘zgarishga olib kelgandagina strategik sheriklikning haqiqiy samarasi namoyon bo‘ladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA