Samarqand – jahon bolalar sammiti mezboni
21-22-oktabr kunlari Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” mavzusidagi jahon sammiti va uning doirasida bolalar onkologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress o‘tkaziladi.
Mazkur tadbirlarda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 600 nafarga yaqin ishtirokchi – davlat va hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda ekspertlar qatnashishi kutilmoqda.
Ayni paytda Samarqandga mehmonlar tashrif buyurmoqda. Samarqand xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzalida mehmonlar mamlakatimiz hukumati vakillari hamda sammit tashkilotchilari tomonidan kutib olinmoqda.
Sammit bolalar huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va erta rivojlanish yo‘nalishlarida xalqaro tajriba almashish, ilg‘or yondashuvlarni muhokama qilish hamda amaliy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoniga aylanadi. 21-oktabr kuni tadbirning rasmiy ochilish marosimi, yuqori darajadagi yalpi yig‘ilishlar, bolalarga keng ko‘lamli investitsiyalar, ijtimoiy himoya va bolalarni himoya qilishga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkaziladi. Ikki kun davomida bolalar salomatligi, erta rivojlanish va inklyuziv ta’lim masalalari muhokama qilinadi. Yakuniy yalpi yig‘ilishda bolalar farovonligiga investitsiyalar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
[gallery-32051]
Bolalar onkologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress bolalar saratoniga qarshi kurashishda ilg‘or tibbiy tajribalarni birlashtirish, diagnostika va davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, zamonaviy diagnostika, dori ta’minoti, pretsizion terapiya, o‘zak hujayralar transplantatsiyasi va hujayra texnologiyalari kongressning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi. Shuningdek, reabilitatsiya, palliativ yordam, infeksiya nazorati va bolalarni uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama etiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari