«Devonu lug‘otit turk» — qadimiy asarning zamonaviy tilshunoslikdagi o‘rni
«Devonu lug‘otit turk» asarini yoshlarga yetkazishda interaktiv elektron lug‘atlar, mobil ilovalar, videodarslar, animatsion materiallar va virtual ko‘rgazmalardan foydalanish mumkin. Masalan, qadimgi turkiy so‘zning izohi, uning asardagi qo‘llanishi va hozirgi o‘zbek tilidagi shaklini bir platformada namoyish etish til tarixini o‘rganishni yanada tushunarli va qiziqarli qiladi.
Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari turkiy tillar tarixini o‘rganishda bebaho manba. Undagi so‘zlar, til xususiyatlari va fe’llar bugun ham olimlar uchun muhim tadqiqot ob’ekti bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti kichik ilmiy xodimi Shoira Eshboyeva ham mazkur asar asosida holat fe’llarining leksik-semantik xususiyatlarini o‘rganmoqda.
Olima bilan suhbatimizda «Devonu lug‘otit turk»ning zamonaviy tilshunoslikdagi ahamiyati, uni o‘zbek tili tarixi va shevalarini tadqiq etishda qo‘llash imkoniyatlari, yoshlarda ona tiliga hurmatni shakllantirish hamda qadimiy til merosini raqamli texnologiyalar orqali keng targ‘ib qilish masalalari haqida so‘z boradi.
— Bugungi zamonaviy tilshunoslik nuqtai nazaridan bu asarning eng muhim jihatlari nimalardan iborat?
— Mahmud Qoshg‘ariyning XI asrda yaratilgan "Devonu lug‘otit turk" asari turkiy tillar tarixini o‘rganishda fundamental ilmiy manbalardan biri hisoblanadi. Uning ahamiyati, avvalo, turkiy tillarning lug‘aviy boyligi, fonetik va grammatik xususiyatlari, shevalari hamda o‘zaro munosabatlari haqida keng qamrovli ma’lumotlarni o‘zida mujassam etganida namoyon bo‘ladi.
Asarning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda turkiy til birliklari shunchaki izohlanib qolmay, balki ularning qo‘llanishi, ma’no xususiyatlari va ayrim hududiy farqlari ham yoritilgan. Bu materiallar tarixiy-qiyosiy tilshunoslik, leksikologiya, etimologiya va dialektologiya yo‘nalishlarida tadqiqot olib borish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, asarda keltirilgan maqollar, hikmatli iboralar, she’riy parchalar va boshqa xalq og‘zaki ijodi namunalari tilni xalqning tarixiy xotirasi, dunyoqarashi va madaniy qadriyatlari bilan uzviy bog‘liq holda o‘rganish imkonini beradi. Shu ma’noda, "Devonu lug‘otit turk" nafaqat lingvistik, balki tarixiy, adabiy va etnomadaniy ahamiyatga ham ega.
Bugungi zamonaviy tilshunoslik uchun asarning yana bir muhim jihati — undagi ma’lumotlarni yangi metodologik yondashuvlar asosida qayta tahlil qilish imkoniyati. Xususan, qadimgi turkiy leksikani hozirgi turkiy tillar bilan qiyoslash orqali so‘zlarning tarixiy taraqqiyoti, semantik o‘zgarishlari va til birliklarining davomiyligini aniqlash mumkin. "Devonu lug‘otit turk" turkiy tillarning tarixiy ildizlarini, ichki taraqqiyot qonuniyatlarini va o‘zaro aloqalarini o‘rganishda o‘z ilmiy ahamiyatini saqlab kelayotgan noyob manbadir.

— Mahmud Qoshg‘ariy o‘z asarida turkiy xalqlarning so‘z boyligi, shevalari va til xususiyatlarini o‘rgangan. Bugungi kunda bu merosdan o‘zbek tilining tarixi va shevalarini tadqiq etishda qanday foydalanish mumkin?
— "Devonu lug‘otit turk" o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti va sheva xususiyatlarini o‘rganishda muhim manbalardan biri hisoblanadi. Asarda qayd etilgan ko‘plab leksik birliklar, ularning ma’nolari, fonetik shakllari va qo‘llanish xususiyatlarini hozirgi o‘zbek tili hamda uning shevalari materiallari bilan qiyoslash orqali tilimizning tarixiy rivojlanish jarayonlarini chuqurroq anglash mumkin.
Birinchidan, asardagi so‘zlarni hozirgi o‘zbek tili leksikasi bilan qiyoslash orqali qadimiy so‘zlarning bugungi kundagi davomiyligi, ma’no o‘zgarishlari va ayrim birliklarning iste’moldan chiqish jarayonlarini aniqlash mumkin. Bu, ayniqsa, tarixiy leksikologiya va etimologik tadqiqotlar uchun muhimdir. Ikkinchidan, Mahmud Qoshg‘ariy qayd etgan til farqlarini o‘zbek shevalaridagi fonetik, leksik va grammatik xususiyatlar bilan qiyoslash dialektologik tadqiqotlar imkoniyatini kengaytiradi.
Bunda qadimgi til shakllari bilan zamonaviy sheva hodisalari o‘rtasidagi o‘xshashliklarni aniqlash bilan birga, ularning tarixiy jihatdan bevosita bog‘liqligini alohida dalillar asosida tekshirish zarur. Uchinchidan, asardagi materiallar o‘zbek adabiy tilining tarixiy ildizlarini va turkiy tillar bilan umumiy jihatlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali o‘zbek tilining taraqqiyotida qadimgi turkiy leksik qatlamning o‘rni, til birliklarining o‘zgarishi va saqlanish xususiyatlarini yoritish mumkin.
Menimcha, ushbu merosni zamonaviy dialektologik tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtirish ayniqsa istiqbolli yo‘nalish. Buning uchun "Devonu lug‘otit turk"dagi so‘zlar elektron bazasini yaratish, ularni o‘zbek shevalari lug‘atlari bilan qiyoslash va olingan natijalarni ilmiy jihatdan izohlash maqsadga muvofiq. Bunday yondashuv o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyotiga oid yangi dalillarni aniqlashga xizmat qiladi.
— Til — xalqning tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi ko‘zgu. Sizningcha, Mahmud Qoshg‘ariyning ilmiy merosi yoshlarda ona tiliga hurmat va milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini shakllantirishda qanday ahamiyatga ega?
— Mahmud Qoshg‘ariyning ilmiy merosi yosh avlodda ona tiliga hurmat, milliy o‘zlikni anglash va tarixiy xotiraga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishda katta ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega. Chunki tilni chuqur anglash, avvalo, xalqning tarixi, madaniyati va ma’naviy qadriyatlarini anglash demak. "Devonu lug‘otit turk"ning muhim jihati shundaki, Mahmud Qoshg‘ariy turkiy tillarning boyligini, ifoda imkoniyatlarini va turkiy xalqlarning boy og‘zaki ijodini ilmiy asosda namoyon etgan. Asarda keltirilgan maqollar, she’riy parchalar, iboralar va boshqa til materiallari ajdodlarimizning tafakkuri, hayotiy tajribasi, axloqiy qarashlari va dunyoni idrok etish usullari haqida muhim ma’lumot beradi. Yoshlar ushbu asarni o‘rganish orqali ona tilimizning tarixiy ildizlari chuqur ekanini, uning bugungi taraqqiyoti uzoq tarixiy jarayonlar bilan bog‘liqligini anglaydi. Bu esa tilga oddiy aloqa vositasi sifatida emas, balki milliy madaniyat va tarixiy xotirani saqlovchi muhim qadriyat sifatida qarashga undaydi.
Shu bilan birga, ona tiliga hurmat boshqa tillarni o‘rganish va boshqa xalqlar madaniyatini qadrlashga zid emas. Aksincha, o‘z tilining tarixini yaxshi bilgan yoshlar boshqa tillar va madaniyatlar bilan teng muloqot qilish, o‘z milliy merosini xalqaro miqyosda munosib namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu sababli "Devonu lug‘otit turk"ni ta’lim jarayonida, ilmiy-ma’rifiy loyihalarda, adabiy uchrashuvlarda va raqamli ta’lim resurslarida keng yoritish muhimdir. Bu asar yoshlarni o‘z tarixini bilishga, ona tilining imkoniyatlarini qadrlash va milliy merosga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga undaydigan bebaho ma’naviy manba.
— Bugun sun’iy intellekt, elektron lug‘atlar va raqamli texnologiyalar rivojlanmoqda. «Devonu lug‘otit turk» asarini zamonaviy texnologiyalar yordamida o‘rganish va uni yoshlarga yetkazishning qanday imkoniyatlari bor?
— Bugungi raqamli texnologiyalar "Devonu lug‘otit turk" asarini o‘rganish, undagi ilmiy ma’lumotlarni tizimlashtirish va keng jamoatchilikka yetkazish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, elektron lug‘atlar, raqamli matn bazalari, sun’iy intellekt va interaktiv ta’lim platformalaridan foydalanish bu borada istiqbolli yo‘nalishlardan hisoblanadi. Birinchi navbatda, asarning ishonchli nashrlari va qo‘lyozma materiallari asosida raqamli matn bazasini yaratish muhim. Bunday bazada so‘zlarning izohi, grammatik xususiyatlari, qo‘llanish namunalari va tegishli ilmiy sharhlarni tizimli ravishda jamlash mumkin. Natijada tadqiqotchilar zarur til birliklarini tez topish, ularni qiyoslash va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ikkinchidan, sun’iy intellekt texnologiyalaridan qadimgi turkiy so‘zlarni aniqlash, ularni mavzular bo‘yicha tasniflash, lug‘aviy birliklarning ma’no munosabatlarini o‘rganish va hozirgi turkiy tillardagi muqobillarini izlashda yordamchi vosita sifatida foydalanish mumkin.
Biroq bunday tizimlar yaratishda tarixiy tilning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish, natijalarni mutaxassislar tomonidan tekshirish va ishonchli ilmiy manbalarga tayanish zarur. Uchinchidan, asarni yoshlarga yetkazishda interaktiv elektron lug‘atlar, mobil ilovalar, videodarslar, animatsion materiallar va virtual ko‘rgazmalardan foydalanish mumkin. Masalan, qadimgi turkiy so‘zning izohi, uning asardagi qo‘llanishi va hozirgi o‘zbek tilidagi shaklini bir platformada namoyish etish til tarixini o‘rganishni yanada tushunarli va qiziqarli qiladi.
To‘rtinchidan, asar materiallari asosida elektron ta’lim modullari va qiyosiy til xaritalarini yaratish mumkin. Bunday vositalar yoshlarning mustaqil izlanish ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan birga, tarixiy tilshunoslikka bo‘lgan qiziqishini ham oshiradi. Demak, zamonaviy texnologiyalar "Devonu lug‘otit turk"ni shunchaki raqamli shaklga o‘tkazish bilangina cheklanmasligi kerak. Asosiy maqsad - uning ilmiy mazmunini chuqurroq o‘rganish, ma’lumotlarini ishonchli tarzda saqlash va ulardan ta’lim hamda tadqiqot jarayonlarida samarali foydalanish.
— Bugungi zamonaviy tilshunoslikda uning ilmiy qarashlaridan qanday foydalanishimiz va bu merosni xalqaro miqyosda qanday targ‘ib qilishimiz mumkin?
— Merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun bir necha yo‘nalishda izchil ish olib borish maqsadga muvofiq. Jumladan, asarning ilmiy-tanqidiy nashrlari va zamonaviy tillardagi sifatli tarjimalarini tayyorlash, xalqaro ilmiy anjumanlar va qo‘shma tadqiqotlarni tashkil etish, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda raqamli ilmiy platformalarda asar materiallarini ochiq taqdim etish zarur.
Bundan tashqari, "Devonu lug‘otit turk" asosida ko‘p tilli elektron lug‘at, ilmiy izohlangan raqamli matn va qiyosiy leksik ma’lumotlar bazasini yaratish turkiy tillarni o‘rganuvchi xalqaro tadqiqotchilar uchun katta imkoniyat yaratadi. Bunday loyihalarda turkologlar, tarixchilar, matnshunoslar, kompyuter lingvistlari va raqamli gumanitar fanlar mutaxassislarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.