Buxoroda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha kaskad treninglar o‘tkazilmoqda
Buxoro viloyatida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va ularga samarali yordam ko‘rsatish sohasida mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan kaskad treninglar tashkil etildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamkorligida, Jahon bankining moliyaviy ko‘magi bilan «INSON» loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.
Treninglardan ko‘zlangan maqsad zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash, xavf darajasini baholash, jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam sifatini oshirishdan iborat.
Kaskad usulida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ishtirokchilar egallagan bilim va ko‘nikmalarini keyinchalik boshqa mutaxassislarga yetkazishi nazarda tutilgan. Bu esa o‘quv jarayoni qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mashg‘ulotlar davomida jabrlanganlar uchun individual xavfsizlik rejasini ishlab chiqish, inqirozli vaziyatlarda samarali muloqot o‘rnatish, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash va takroriy ruhiy jarohatlanishning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Interaktiv usullarda o‘tkazilayotgan treninglarda ishtirokchilar guruhli muhokamalar, vaziyatli topshiriqlar va amaliy mashqlar orqali muammoli holatlarni tahlil qilish, to‘g‘ri qaror qabul qilish hamda jabrlanganlarni zarur xizmatlarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga kompleks yordam ko‘rsatishda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.
[gallery-/32028]
Mazkur treninglar mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish, zo‘ravonlik holatlariga tezkor munosabat bildirish va xotin-qizlarni himoya qilish tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA