Til – millat va tamaddun ko‘zgusi
Insoniyat tamaddunining ming yillik sahifalarida ma’naviyatni shakllantirgan va milliy o‘zlikni belgilagan eng buyuk kashfiyot – bu so‘zsiz, tildir. Til shunchaki muloqot vositasi emas, balki millatning boqiy ruhi, uning tarixiy xotirasi va istiqbolini ta’minlovchi madaniy mezonidir. Millat bor ekan, uning tili ham barhayot yashaydi va rivojlanadi.
Tilning kommunikativ, kognitiv, kumulyativ, nominativ hamda emotiv-ekspressiv kabi fundamental funksiyalari inson hayoti va jamiyat taraqqiyotida beqiyos o‘rin tutadi. Nazariy lingvistika asoschisi Vilgelm fon Gumboldt ta’kidlaganidek, til va milliy ruh bir-biridan ayrijo‘da yashay olmaydigan yaxlitlikni tashkil etadi, tilning o‘zi esa doimo rivojlanib boruvchi tirik organizmdir.
Har bir xalqning ma’naviyati, madaniyati, milliy mentaliteti, urf-odatlari va etnopsixologiyasi aynan uning ona tilida aks etadi. Folklor namunalari, maqollar, dostonlar, ilmiy va badiiy asarlar tilning boy imkoniyatlari tufayli dunyoga keladi. Til mavjudligining va tarixiy xotirani saqlashning eng muhim sharti esa yozuvdir. Eramizdan oldingi to‘rtinchi ming yillikda Mesopotamiya, Shumer va Finikiya zaminida ilk yozuvlarning paydo bo‘lishi ma’lumotlarni to‘plash va tarqatishda tub burilish yasadi. Yenisey va O‘rxun daryolari bo‘ylarida topilgan qadimgi turk toshbitiklari ham turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va tamaddunidan dalolat beruvchi bebaho tarixiy manbalardir.
Biroq bugungi globallashuv, shiddatli axborot jamiyati va texnogen taraqqiyot davrida tillarning mavjudligiga jiddiy tahdidlar yuzaga kelmoqda. Bugungi kunda sayyoramizda 7 mingga yaqin til mavjud bo‘lsa-da, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Dunyo aholisining asosiy qismi atigi bir nechta sanoqli tillarda so‘zlashadi, aksariyat kam sonli tillarda esa so‘zlashuvchilar barmoq bilan sanarli darajada qolgan. Masalan, iteri, zangval yoki Avstraliya va Tasmaniya aborigenlarining tillari kabi yuzlab lingvistik boyliklar butunlay so‘nish arafasida yoki allaqachon tarixga aylanib bo‘ldi. Tilning yo‘qolishi esa umumbashariy madaniyat uchun tuzatib bo‘lmas yo‘qotishdir. Ana shu sababli YUNESKOning “Qizil kitobi” jahon hamjamiyatini tillar va madaniy xilma-xillikni asrab qolishga chorlab kelmoqda.
Sayyoramizdagi minglab tillar orasida tarqalish hududi keng bo‘lgan va alohida maqomga ega turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili o‘zining boy tarixi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda yer yuzida 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida muloqot qiladi. Genezisida qarluq, qipchoq va o‘g‘uz dialektlari mujassamlashgan, arab va fors tillarining ijobiy ta’sirini olgan tilimiz boy leksik va grammatik qatlamga ega. Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Beruniy, Bobur va boshqa ko‘plab mutafakkirlar ushbu tilning mavqeini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shdilar. Bu ezgu harakat buyuk Alisher Navoiy ijodida o‘zining olamshumul cho‘qqisiga erishdi. Navoiy “Xamsa” va “Muhokamat-ul lug‘atayn” kabi shoh asarlarida turkiy tilning boyligini, uni yuksak adabiyot va ilm-fan darajasiga ko‘tarish mumkinligini butun dunyoga isbotlab berdi.
Mustaqillik ostonasida, ya’ni 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonun o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berdi va uning huquqiy kafolatini belgilab qo‘ydi. E’tiborlisi, dunyodagi 7 mingga yaqin tildan atigi 200 tasi davlat tili maqomiga ega. Bu qonun, shuningdek, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning o‘z ona tilidan foydalanish, urf-odat va an’analarini saqlash konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlaydi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, til har bir millat madaniyatining o‘zagi va uning kelajagini belgilovchi asosiy omildir. Xalqning taqdiri uning tili taqdiri bilan uzviy bog‘liq. Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik, mustaqil davlatchilik timsoli va bebaho ma’naviy boylikdir. Shu sababli, davlat tilining nufuzini yuksaltirish, unga nisbatan yuksak mas’uliyat va hurmat bilan yondashish hamda uni avaylab-asrab kelajak avlodlarga yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir.
Mohira Xoliqova,
Navoiy innovatsiyalar universiteti rektori,
filologiya doktori,
Xalqaro ekologiya akademiyasi akademigi