“Salomatlik marafoni”ga start berildi
Sirdaryo viloyatida aholi salomatligini mustahkamlash, profilaktik tibbiy ko‘riklar qamrovini kengaytirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli “Salomatlik marafoni”ga start berildi.
Bir oy davom etadigan mazkur marafon davomida aholini profilaktik tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlariga keng jalb etish, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, onkologik va boshqa yuqumli bo‘lmagan xastaliklarni erta aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.
Marafonning dastlabki bosqichi Guliston shahar Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etildi. Bu yerda Bo‘ston, Istiqlol, Baxt, Bog‘ishamol, Obod yurt, Shodlik, Namuna, Sayqal, Taraqqiyot, Ulug‘obod, Baxmal va Ishonch mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi uchun chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Ilk kunning o‘zidayoq 300 nafar fuqaro yuqori malakali shifokorlar ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.
Tadbir doirasida harakatlanuvchi mobil laboratoriya avtobuslari ham ishga tushirildi. Ular orqali oftalmologik tekshiruvlar, o‘pka salomatligini baholash, mammografiya, laboratoriya tahlillari hamda onkologik kasalliklarni erta aniqlashga qaratilgan skrining xizmatlari ko‘rsatildi.
Shuningdek, kardiolog, nevropatolog, akusher-ginekolog, endokrinolog, pediatr, travmatolog, otorinolaringolog, okulist, ftiziatr, jarroh, onkolog va gematolog kabi malakali mutaxassislar aholini har tomonlama tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Fuqarolarga yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, onkologik xastaliklar va boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish hamda sog‘lom turmush tarziga amal qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Marafon doirasida tashkil etilgan "Salomatlik nuqtalari" da sog‘lom ovqatlanish yarmarkalari, shifobaxsh giyohlar ko‘rgazmalari va jismoniy faollik bo‘yicha maslahatlar ham aholida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
— Bugun sog‘liqni saqlash tizimida ustuvor vazifa kasalliklarni davolash emas, balki ularning oldini olishdir. "Salomatlik marafoni"ning asosiy maqsadi aholini profilaktik ko‘riklarga keng jalb qilish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va har bir fuqaroda o‘z salomatligiga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishdan iborat. Shu bois marafon davomida tibbiy ko‘riklar bilan bir qatorda sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik va sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha keng tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. Zero, kasallikning oldini olish uni davolashdan hamisha samaralidir, — deydi Salomatlik va strategik rivojlantirish instituti Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Tojixon G‘afforova.
[gallery-30282]
Guliston shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Murod Ko‘paysinovning ma’lum qilishicha, marafon iyul oyi davomida bosqichma-bosqich davom etadi.
— 13–22-iyul kunlari 2-oilaviy poliklinikada Madaniyat, Ma’naviyat, Nihol, Ulug‘yo‘l va Bahor mahallalari aholisi, 23–31-iyul kunlari esa 3-oilaviy poliklinikada Ahillik, Navbahor, Shodlik, Taraqqiyot, Nurafshon va Yangi hayot mahallalari fuqarolari uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi, — deydi u.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi profilaktik tadbirlar nafaqat kasalliklarni erta aniqlash, balki aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini qaror toptirish, insonlarni o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashishga undashda ham muhim ahamiyatga ega. Zero, sog‘lom millat — mamlakat taraqqiyoti va farovonligining eng mustahkam poydevoridir.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA