Hunarmandlarimizning mahsulotlari Xitoy savdo nuqtalariga yetkazib beriladi
Poytaxtimizda “Hunarmand” uyushmasi raisi R.Mirzaahmedov hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining Xitoy Xalq Respublikasidagi rasmiy vakili Chi Lu o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston hunarmandlarining mahsulotlarini Xitoy Xalq Respublikasining uchta shahridagi savdo nuqtalariga yetkazib berish, Xitoyda o‘tkaziladigan dizaynerlar tadbirlarida O‘zbekistondan ekspertlarni hakamlar hay’ati tarkibiga jalb etish, muzeylar yo‘nalishidagi mutaxassislarni xalqaro tadbirlarga taklif qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda tashkil etiladigan tadbirlarga Xitoy kompaniyalarini jalb etish, qo‘shma namoyishlar tashkil etish, hunarmandchilik mahsulotlarini zamonaviy talablar asosida qadoqlash hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Qayd etilganidek, mazkur kelishuvlar O‘zbekiston hunarmandchiligi salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, milliy mahsulotlarni xorijiy bozorlarga olib chiqish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA