Tadbirkor foydasiga 323 million so‘m qarzdorlik undirilishi belgilandi
So‘nggi yillarda tadbirkorlik sub’ektlarining mulkiy huquqlarini kafolatlash va asossiz aralashuvlarning oldini olish borasida bir qator ijobiy ishlar olib borilmoqda. Bu borada Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Tadbirkorlardan kelib tushayotgan har bir murojaat real vaziyatni chuqur tahlil qilish, sohadagi tizimli masalalarni oldindan aniqlash va ularga nisbatan eng maqbul yechimlarni ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xususan, Biznes-ombudsmanga Andijon viloyatining Baliqchi tumani va Andijon shahridagi ta’lim muassasalari ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajargan tadbirkor bajarilgan ishlar uchun haq to‘liq to‘lab berilmaganidan norozi bo‘lib, murojaat qildi.
Aniqlanishicha, jamiyat hamda Andijon viloyati hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi o‘rtasida jami 7,8 milliard so‘mlik pudrat shartnomalari tuzilgan. Shunga qaramay, bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 323 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik tadbirkorning bir necha bor qilgan murojaatlariga qaramay bartaraf etilmagan.
Biznes-ombudsman tomonidan holat o‘rganilib, tadbirkor manfaatlarini himoya qilish maqsadida mazkur qarzdorlikni undirish yuzasidan Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sud qarori bilan tadbirkor foydasiga 323 million so‘m qarzdorlik undirilishi belgilandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA