Zamonaviy texnologiya — mo‘l hosil garovi
Piskent tumanida Rossiya investorlari ishtirokida tashkil etilgan zamonaviy kartoshkachilik loyihasida joriy mavsumda yuqori hosildorlikka erishilmoqda.
Ayni paytda “Krasnыy Mayak” xo‘jaligida yetishtirilgan kartoshka hosilini yig‘ib olish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalar, yuqori hosildor urug‘lik navlari va ilg‘or agrotexnik usullarning qo‘llanilishi natijasida har gektar maydondan o‘rtacha 40 tonna hosil olinmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yuqori hosildorlikka erishishda ilmiy asoslangan agrotexnologiyalar, suv va ozuqa resurslaridan oqilona foydalanish hamda yetishtirish jarayonini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish muhim omil bo‘lmoqda.
Yig‘ib olinayotgan hosil, eng avvalo, ichki bozorni sifatli kartoshka mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga yo‘naltirilmoqda. Bu esa bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash va aholini arzon hamda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur investitsiya loyihasi qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini keng joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
A.Musayev, O‘zA.