Sabzining narxi nega mavsumiy qimmatlaydi?
O‘zbekistonda sabzi yetishtirish hajmi oshsa-da, narxlar mavsumiy ko‘tariladi. Bu muammoning ildizi qayerda va olimlar uni qanday hal qilmoqchi?
O‘zbekistonda o‘rtaki sabzi yetishtirish hajmi va umumiy tarmoq bo‘yicha so‘nggi yillarda katta o‘sish kuzatilmoqda. Biroq, hamon ushbu mahsulot narxining mavsumiy ko‘tarilishi kuzatiladi. Buning asosiy omillari va soha sirlari xususida yosh ilmiy tadqiqotchi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti doktoranti Mirjalol Rejabov bilan suhbatlashdik.
–Ayting-chi, siz olib borayotgan tadqiqotlar kelgusida sabzi narxining tushishiga sabab bo‘lishi mumkinmi?
–Bu yerda sabzi urug‘larini tanlab olish bo‘yicha tadqiqotlar olib boryapmiz. O‘zbekistonning mahalliy navlaridan 7 ta va xorijdan keltirilgan jami 32 nav ustida ilmiy izlanishlar olib boryapmiz. Sabzilarning Osiyo va Yevropa turlari ko‘p uchraydi. Dalamizda “Ziynatli”, “Mirzoyi sariq”, “Mirzoyi qizil” kabi mahalliy navlar ekilgan. Undan tashqari, Rossiya, Vetnam, Koreya, Xitoy, Fransiya kabi davlatlardan keltirilgan sabzilar bo‘yicha ham ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdamiz.
–Xorijdan keltirilgan sabzilarning agrotexnikasi qanday tashkil etiladi?
–Hozirgi kunda dalamizda sariq, qizil sabzilar bilan bir qatorda qora, binafsha oq rangli sabzilar bo‘yicha ham ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. O‘zbekistonda bularning urug‘chiligini keng tashkil etish rejalari bor. Agarda bugun 70 sm egatga ekilayotgan bo‘lsa, biz shuni 90 sm egatga ekishni sinovdan o‘tkazyapmiz. 4 va 5 qatorli sochma usulda ekib, qaysidan yuqori hosil olish mumkinligini tahlil qilyapmiz.
–Sabzining narxi nega mavsumiy qimmatlaydi?
–O‘zbekiston sharoitida sabzi uch muddatda ekib kelinadi. Ertakisi - bahorda, o‘rtakisi - may, iyun oylarida, takroriysi - oktabr, noyabr oylarida pishib yetiladi. Iyul, avgust, sentabr oylarida sabzining tannarxi oshib ketadi. Bunga asosiy sabab bahorgi sabzilarni saqlash tannarxining yuqoriligi va takroriy ekilgan sabzilarning pishmagani. Shuning uchun o‘rta muddatda sabzilarni keng maydonlarda yetishtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boryapmiz.
Tahlillarga ko‘ra, yurtimizda sabzining yillik yetishtirish hajmi 3,6 million tonna atrofida va bizning mamlakat jahonda Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Mamlakatda sabzi asosan uchta muddatda bahorgi ertaki, yozgi o‘rtaki va kuzgi to‘qsonbosti ekin sifatida ekiladi.
G‘alladan bo‘shagan maydonlarning o‘zigagina (iyun-avgust oylarida o‘rtaki va kechki hosil uchun) 40.5 ming gektardan ortiq yer ajratiladi. Aynan shu davrda ekiladigan o‘rtaki sabzi kuzgi hosilni ta’minlaydi va qish hamda bahor mavsumi uchun asosiy zaxira vazifasini o‘taydi.
Sabzi yetishtirishda respublika bo‘yicha Farg‘ona, Samarqand, Toshkent va Namangan viloyatlari yetakchilik qiladi. Ichki bozor ehtiyoji yillik qariyb 700-800 ming tonnani tashkil etadi. Yiliga o‘rtacha 60–70 ming tonnadan ortiq sabzi yangi uzilgan, quritilgan yoki qayta ishlangan shaklda xorijga eksport qilinadi.
Albatta, bu borada chuqur ilmiy tadqiqotlar, tahlillar olib borilishi va zarur xulosalar qilish, o‘rtaki muddatda ekiladigan sabzi hajmini oshirish bugungi kun talabidir. Olimlarimizning sa’y-harakatlari ushbu muammoga yechim bo‘lsa, ajabmas.
Sanjar Toshpo‘latov,
Doniyor Yakubov (video),
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA