Sabantuy bayrami millatlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamladi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent shahar Markaziy bog‘ida Toshkent shahar Tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy markazi, A.Z. Validiy nomidagi Toshkent shahar Boshqird jamoat-madaniy markazi hamda Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi hamkorligida tatar va boshqird xalqlarining milliy bayrami – Sabantuy keng nishonlandi.
Asrlar davomida mehnatsevarlik, birdamlik va do‘stlik timsoli bo‘lib kelayotgan ushbu bayram O‘zbekistonda turli millat vakillarining madaniy merosi va an’analarini asrab-avaylash hamda rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlarning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Bayramning tantanali ochilish marosimida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev ishtirokchilarni qutlab, mamlakatimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, barcha millat va elatlarning tili, madaniyati va urf-odatlarini saqlashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda diplomatik korpus vakillari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, jamoatchilik faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ko‘p sonli mehmonlar qatnashdi.
Bayram doirasida milliy qo‘shiq va raqslardan iborat konsert dasturi namoyish etildi. Shuningdek, kurash, armrestling, tosh ko‘tarish, kamondan o‘q otish kabi sport musobaqalari, arqon tortish, qop ichida yugurish, qoshiqda tuxum olib yugurish singari xalq o‘yinlari tashkil etildi.
Milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari, mahorat darslari ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy taomlar festivalida quymoq, beshbarmoq, o‘zbek palovi va boshqa an’anaviy taomlar tayyorlash jarayonlari namoyish qilindi.
Sabantuy bayrami millatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlab, O‘zbekistondagi bag‘rikenglik va ahillik an’analarining yorqin ifodasiga aylandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA