Yangi O‘zbekistonda bolalar tibbiyoti rivoji
Yangi O‘zbekistonda bolalar tibbiyotini tubdan isloh qilish, ona va bola salomatligini asrash – davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri.
Bolalar tibbiyotini tashkil etishda jahonda bir nechta ilg‘or modellar mavjud. Misol uchun, Skandinaviya davlatlari (Shvetsiya, Finlyandiya) va Buyuk Britaniyada asosiy urg‘u profilaktika va erta skrining tizimiga qaratiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, go‘daklar o‘rtasidagi kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash kelgusidagi nogironlik xavfini 70 foizgacha kamaytiradi. Germaniya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda esa pediatriya sohasida yuqori texnologiyali va ixtisoslashtirilgan 4-darajali tibbiy markazlar tarmog‘i muvaffaqiyatli ishlaydi. Ushbu tajriba shuni ko‘rsatadiki, birlamchi tibbiy bo‘g‘in (oilaviy shifokorlar) va tor doiradagi yuqori texnologik markazlar o‘rtasidagi uzviylik eng yuqori samarani beradi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda aynan mana shu ilg‘or xalqaro tajriba milliy mentalitet va ehtiyojlarga moslashtirilgan holda hayotga tatbiq etilmoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda 0–14 yoshdagi bolalar soni 11 million 630 ming 879 nafarni tashkil etdi. Bu raqam yurtimiz aholisining qariyb uchdan bir qismi aynan o‘sib kelayotgan avlod ekanini va bolalar tibbiyoti sohasi davlat uchun naqadar ulkan strategik ahamiyatga ega ekanligini yaqqol ko‘rsatadi. Mana shunday katta qamrovdagi o‘g‘il-qizlarimizning salomatligini muhofaza qilish uchun yurtimizda bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit va ko‘p bosqichli tizimi yaratildi.
Eng quyi tizimda 2300 dan ziyod oilaviy poliklinika, 209 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 13,3 mingta o‘ringa ega 200 dan ziyod pediatriya hamda 9 ta respublika muassasalari tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Milliy profilaktik emlash kalendari doirasida bolalarning 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi muntazam emlanishi esa yurtimizda ko‘plab xavfli epidemiyalarning oldini olishda bosh omil bo‘lmoqda. Shuningdek, barcha shahar va tumanlarda eng zamonaviy davolash-diagnostika uskunalari bilan jihozlangan tug‘uruq majmualari tarmog‘i yaratildi. Bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va 13 ta hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan iborat yagona tuzilma yo‘lga qo‘yilgani tizimning yaxlitligini ta’minladi.
O‘zbekiston pediatriyasi bugun dunyo tibbiyoti bilan bo‘ylasha oladigan darajaga yetdi. Buning yorqin isboti sifatida, yurtimizda tibbiy salohiyati va texnik imkoniyati jihatdan noyob hisoblangan Bolalar milliy tibbiyot markazining birinchilardan bo‘lib xalqaro darajadagi JCI (Joint Commission International) sertifikatini olganini ko‘rsatish mumkin. Bu — markazda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalari bilan bir xil standartda ekanidan dalolat beradi. Bugun ushbu muassasada bolalarda buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) kabi eng murakkab, ilgari xorijda katta mablag‘ evaziga qilinadigan amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Prezidentimiz qarori bilan ushbu markazning Orolbo‘yi mintaqasi kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasi tashkil etilgani esa ekologik jihatdan noqulay hududdagi bolalar salomatligi davlatning alohida e’tiborida ekanini ko‘rsatadi.
Global pediatriyaning eng katta muammolaridan biri — genetik va orfan (kam uchraydigan) kasalliklarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yishdir. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya markazi qoshidagi molekulyar-genetik laboratoriyada chaqaloqlarda orfan kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlari bu muammoga qarshi milliy yechimimizdir. Ayni paytda eshitish qobiliyatida nuqson bo‘lgan bemorlarda koxlear implantatsiya, yuz nervining plastik mikroxirurgik operatsiyasi, yangi tug‘ilgan go‘daklarda audio-skrining, raqamli eshitish moslamalari yordamida reabilitatsiya tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, 2026-yilda 600 ming nafardan ortiq bolani eshitishga skrining qilish va 3 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarda chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkazish belgilangan. Koxlear implantatsiya dasturiga muvofiq, joriy yilda eshitish nuqsoni bo‘lgan bolalarda 500 dan ortiq operatsiya o‘tkazish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, yurtimizda ilk bor mukovissidozni zamonaviy nishonli davolash (CFTR-modulyator) tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan davlatimiz rahbarining alohida qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada davlat hisobidan jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani yurtimizda "Inson qadri uchun" tamoyilining amaldagi yana bir go‘zal isboti bo‘ldi.
Tezkor o‘zgarayotgan dunyoda bolalar tibbiyotini rivojlantirish, sohaga innovatsiyalarni olib kirish va har bir bolaning sifatli tibbiy yordam olish huquqini ta’minlash ertangi sog‘lom jamiyat garovidir. O‘zbekistonda bu borada tashlangan qadamlar esa tizimli xususiyatga ega bo‘lib, yaqin kelajakda o‘z mevalarini berishi, shubhasiz.
Mohigul Qosimova,
O‘zA