Kameral tekshiruvlarda 11,8 trillion so‘mlik tafovut aniqlandi
So‘nggi yillarda soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va inson omilini qisqartirishga qaratilgan islohotlar natijasida nazorat mexanizmlari yanada takomillashmoqda.
Ayniqsa, soliq hisobotlarini elektron tahlil qilishga asoslangan kameral tekshiruvlar soliq qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlashda muhim vositaga aylandi.
2026-yilning yanvar–aprel oylari davomida respublika bo‘yicha 11,2 mingta soliq to‘lovchida kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazildi. Bu mamlakatda faoliyat yuritayotgan 589,1 mingta tadbirkorlik sub’ektining atigi 1,9 foizini tashkil etadi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tekshiruvlar natijasida jami 11,8 trillion so‘mlik soliq tafovutlari aniqlangan. Barcha holatlar bo‘yicha soliq to‘lovchilarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan talabnomalar yuborilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aniqlangan tafovutlarning asosiy qismi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, QQS bo‘yicha 6,7 trillion so‘mlik, foyda solig‘i bo‘yicha 3,6 trillion so‘mlik, aksiz solig‘i bo‘yicha 665,8 milliard so‘mlik hamda daromad solig‘i bo‘yicha 260,2 milliard so‘mlik tafovutlar qayd etilgan.
Sohalar kesimida eng yuqori ko‘rsatkichlar umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida kuzatilib, ushbu yo‘nalishlarda 4,9 trillion so‘mlik tafovutlar aniqlangan. Shuningdek, qurilish sohasida 3,4 trillion so‘m, ishlab chiqarish tarmog‘ida 2,4 trillion so‘m miqdoridagi tafovutlar qayd etilgan.
Qishloq xo‘jaligi sohasida 439,2 milliard so‘m, transport tarmog‘ida esa 340,7 milliard so‘mlik soliq tafovutlari aniqlangani mazkur yo‘nalishlarda ham hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlash va soliq intizomini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Kameral soliq tekshiruvlari raqamli ma’lumotlar tahlili asosida amalga oshirilishi bilan ahamiyatlidir. Bu usul tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ortiqcha aralashmasdan turib, soliq hisobotlaridagi ehtimoliy xatolar va tafovutlarni aniqlash imkonini beradi.
E’tiborli jihati shundaki, tekshiruvlar tadbirkorlarning juda kichik qismi — 1,9 foizini qamrab olgan bo‘lsa-da, aniqlangan tafovutlar hajmi 11,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu esa raqamlashtirish asosidagi soliq nazorati mexanizmlarining samaradorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA