Respublika transport prokurori Xorazmdagi yirik loyihalarni o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori Ikrom Narimov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatidagi “Urganch xalqaro aeroporti” MCHJni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jahon standartlariga muvofiq qayta qurish va “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DUK buyurtmachiligida “Urganch – Xiva” pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha ishlari o‘rganildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi tegishli farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Urganch xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jahon standartlariga muvofiq qayta qurish, yo‘lovchilar va havo kemalari parvozlariga yuqori darajada xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash doirasida “Urganch xalqaro aeroportining aerodrom qismini kompleks qayta qurish” loyiha ishlari bilan tanishildi.

Shuningdek, “Urganch – Xiva” pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi.

Jumladan, loyihaga asosan yo‘lning umumiy uzunligi 35 kilometrni tashkil qilib, ob’ektda 9 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik hamda 105 ta suv o‘tkazish inshootlari bilan tanishildi.


Bugungi kunda ob’ektda 34,5 kilometr hududda unumdor tuproq qatlamini kesib olish, tuproqdan ko‘tarma qurish, tekislash va zichlash ishlari amalga oshirilgani, shuningdek, 26 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlari hamda 106 ta suv o‘tkazish inshootida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida Respublika transport prokurori qurilish ishlari sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish, shuningdek, jarayonlarda uchish xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, soha mutasaddilariga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA