Sian shahrida O‘zbekiston-Xitoy biznes muloqotlari o‘tkazildi
Xitoyning Sian shahrida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hududlararo forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unda davlat idoralari, biznes vakillari hamda qator sohalar mutaxassislari ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev so‘zga chiqib, ikki davlat hududlari o‘rtasida investitsiya, savdo, innovatsiya, turizm va “yashil” taraqqiyot yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, hududlararo aloqalarni rivojlantirish o‘zaro manfaatli loyihalar sonini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbir doirasida Xitoy kompaniyalari ishtirokida B2B formatdagi biznes muloqotlari ham tashkil etildi. Ularda yangi eksport yo‘nalishlarini shakllantirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ayni chog‘da kon-geologiya sohasi vakillari ham forum doirasidagi uchrashuvlarda faol ishtirok etib, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA