Farg‘onada Media haftalik yuqori saviyada o‘tdi (+video)
Farg‘ona viloyatida jurnalistika, axborot xizmati va zamonaviy mediakommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar, matbuot kotiblari, blogerlar hamda yosh media vakillarini birlashtirgan Media haftalik yuqori saviyada o‘tdi.
Uni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun mediakontent tayyorlash markazi Farg‘ona viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etdi. Bir necha kun davomida ishtirokchilar media sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt imkoniyatlari, SMM, mobilografiya, axborot xavfsizligi va auditoriya bilan ishlashning yangi usullari bo‘yicha o‘qib- o‘rgandilar hamda tajriba almashdilar.

Seminar-treninglar, mahorat darslari, ochiq muloqotlar va amaliy mashg‘ulotlar interfaol usulda o‘zaro fikr almashuv tarzida o‘tdi.

Axborot tezligi va raqamli platformalar ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda jurnalist va blogerning mas’uliyati, xolislik tamoyili va tezkor axborot uzatish madaniyati haqidagi muhokamalar dolzarblik kasb etdi. Tajribali mutaxassislar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda samarali kontent tayyorlash, feyk xabarlarni aniqlash va auditoriya ishonchini saqlab qolish masalalari bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Media haftalikning yana bir muhim jihati yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni kasbiy jihatdan rag‘batlantirish bo‘ldi. Bugun media haftalikning so‘nggi kuni unda faol ishtirok etgan qatnashchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Bu esa ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, kelgusida media sohasida faol ishlashlari uchun muhim rag‘bat vazifasini o‘taydi.

Tantanali tadbirda so‘z olgan tashkilotchilar mamlakatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda jurnalist va media vakillarining o‘rni beqiyos ekanini aytdilar. Aholi bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli muloqotni ta’minlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish va islohotlar mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishda media sohasi muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.

Farg‘onada o‘tgan Media haftalik nafaqat tajriba almashish maydoni, balki yangi g‘oyalar, ijodiy hamkorliklar va zamonaviy mediamuhitni shakllantirishga xizmat qilgan platforma sifatida yodda qoldi. Bu kabi tadbirlar kelgusida milliy jurnalistika rivoji, axborot madaniyati yuksalishi va yosh kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/STcSVq7hJhM" title="Farg‘onada Media haftalik yuqori saviyada o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA