Quyosh paneli orqali daromad olmoqda
Hozirgi kunda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga katta e’tibor qaratilib, quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolar uchun davlat tomonidan turli dasturlar va imtiyozlar joriy qilingan. Farg‘ona viloyatida ham ko‘plab oilalar quyosh panellarini xonadonlariga o‘rnatib, manfaat ko‘rmoqda.
Uchko‘prik tumani “Zig‘ir” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ilhomjon Hamidov ham ana shunday imkoniyatdan foydalanib, o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatdi. Natijada u nafaqat elektr energiyasi xarajatlarini qisqartirdi, balki ortiqcha quvvatni davlatga sotib, qo‘shimcha daromad ham topmoqda.
– Dastlab mutaxassislarga murojaat qilib, tavsiyalarini oldik, – deydi Ilhomjon Hamidov. – Shundan so‘ng sinov uchun 20 kVt quvvatli quyosh panelini o‘rnatdik. Qurilmalarning ishlash mexanizmini va elektr energiyasi hisob-kitobini tushunib olgach, “Quyoshli xonadon” dasturiga ulandim. Hozirgi kunda oyiga 2-3 million so‘mgacha daromad ola boshladim. Hisob-kitobimga ko‘ra, 2 yilda qilgan xarajatlarim to‘liq qoplanib, sof foyda ola boshlayman.
Hozirda Ilhomjon Hamidov o‘z shaxsiy ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini davlatga sotib, qo‘shimcha daromad olmoqda. Uning aytishicha, quyosh panellari nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki energiya ta’minoti barqarorligini ham ta’minlaydi. Shu boisdan, u kelgusida xonadonidagi quyosh panellari quvvatini 100 kVtga yetkazishni ko‘zlab turibdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, quyosh panellariga sarmoya kiritish o‘zini oqlaydi va barqaror daromad manbai bo‘la oladi. Bunga xonadonining kunlik va oylik iste’molidan ortgan elektr energiyasini davlatga sotib, foyda topayotgan Ilhomjon Hamidovning tajribasi yaqqol misoldir.
M.Sulaymonov, O‘zA