Quvadagi turizm majmuasi – mamlakat sayyohlik salohiyatining yana bir namunasi (+video)
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori atrofida barpo etilayotgan yangi turizm majmuasi bugun nafaqat vodiy, balki mamlakatimiz turizm salohiyatining yangi timsoliga aylanmoqda.
Ayni kunlarda bu hudud yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarishni istovchilar uchun eng jozibador manzillardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Eng muhimi, hududda amalga oshirilayotgan ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 1-aprelda qabul qilingan qarori asosida boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir. Qiymati 635 milliard so‘mlik zamonaviy turizm majmuasi bosqichma-bosqich shakllantirilar ekan, hududda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Bu kabi loyihalar yurtimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sohasini yangi bosqichga olib chiqish, eng muhimi, odamlar daromadi va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur majmuaga tashrifi chog‘ida hududda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishgan edi. Davlat rahbari mutasaddilar oldiga turizm va servis sohalarini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, aholi manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha muhim vazifalarni qo‘ygan edi.
Bugun “Karkidon”da kechayotgan o‘zgarishlar ana shu topshiriqlar hayotga izchil tatbiq etilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida Farg‘ona viloyatida turizm sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, “Karkidon” majmuasining noyob imkoniyatlari va istiqboldagi rejalar haqida batafsil so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, 508 gektar maydonni egallagan majmua agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gullar bog‘i, lavandazor, ekobozor, sokin dam olish hududlari hamda restoranlar tashkil etilgani hududning turizm xaritasidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.
E’tiborlisi, “Karkidon”da yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholi uchun ham yangi ish o‘rinlari, daromad manbai va tadbirkorlik imkoniyatlarini yaratmoqda. Bu esa Prezident belgilab bergan “inson qadri uchun” tamoyili amalda o‘z ifodasini topayotganining yana bir tasdig‘idir.
– Bu loyihalar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, – dedi A.Aqqulov. – Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi yillarda O‘zbekiston aholisining xorijga sayohat qilishi odatiy holga aylanib boryapti. Ko‘pchilik rivojlangan davlatlar mamlakat hududida, ichkarida dam olish uchun barcha sharoitlarni yaratishga intiladi. Biz ham shunga alohida ahamiyat qaratyapmiz. Xorijda olinayotgan xizmatlarni O‘zbekistonda ta’minlaydigan bo‘lsak, xorijga chiqib ketayotgan mablag‘lar O‘zbekistonda qoladi. 2026-yilning o‘zida hududda ko‘plab ob’ektlar ishga tushadi. Yakuniy bosqich 2027-yilda yakunlanadi.
Turizm qo‘mitasi raisi suv har doim odamlarni sayohatga, dam olishga undaydigan asosiy vositalardan biri hisoblanishini qayd etdi. Shuning uchun biz yurtdoshlarimiz xorijdagi dengiz bo‘ylariga va boshqa hududlarga safar qilish sababini tushunamiz. Ushbu maskanda ham endi shunday imkoniyat bo‘ladi. Qolaversa, ikki-uch yildan keyin bu bog‘lardagi mevalar hosilga kirgandan keyin, aholi tashrif buyuradi.
Intervyuni O‘zAning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tomosha qilishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RkEW1tPvttM" title="Quvadagi turizm majmuasi – mamlakat sayyohlik salohiyatining yana bir namunasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Iskandar Ismatov (video), O‘zA muxbirlari