Ichan Qal’a – dunyo ekranlarida
BBC ning mashhur telekanali bo‘lgan BBC One da efirga uzatilayotgan “Race Across The World” loyihasining yangi mavsumida O‘zbekiston bo‘ylab sayohat alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Dunyoning turli mamlakatlarida millionlab tomoshabinlarga ega bo‘lgan ushbu mashhur sayohat-realiti shousi ishtirokchilari safarni Nukusdan boshlagan holda Toshkentgacha davom ettirdi.
Yo‘l davomida ular O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, milliy an’analari, mahalliy madaniyati hamda mehmondo‘stligi bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, loyiha ijodiy guruhi Xivadagi noyob tarixiy majmua Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasida ham suratga olish ishlarini olib bordi. Kadr orti tasvirlarida loyiha ijodkorlaridan biri ertaknamo shaharning go‘zalligidan hayajonlanib yig‘lab o‘tirganini ko‘rish mumkin. Hamkasblari uni ovutishga urinishadi.
Darhaqiqat, Ichan qal’a bu 26 gektarga yastangan shunchaki tarixiy obida, o‘lik muzey emas, balki asrlar shamolida toblangan, vaqt hukmidan omon qolgan afsonaviy shahardir. Uning tor ko‘chalarida hamon hayot qaynaydi. Eski uylarning o‘ymakor eshiklari ortida paxsa devorlar ichida lazgi sadolari, bolajonlar kulgusi, zardo‘zlarning igna tovushi, kulollarning charxi va novvoylarning issiq noni isi kelib turadi. Bu yerdagi har bir toshda, har bir chang zarrasida tarixning nafasi, shonli o‘tmishning o‘chmas izi bor.
Bu kabi loyihalar O‘zbekiston, xususan, Xorazmning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri